Qrim yarim oroli

Qrim yarim oroli – Ukraina Janubidagi yarim orol. Maydoni 27 ming km2. G’arb va Janubda qora dengiz va sharqida Azov dengiziga tutash. Shimolda tor (8 kilometr chamasida) Perekop bo’yni orqali Sharqiy Yevropa tekisligi bilan tutashgan. Qrim yarim orolining sharqida qora dengiz va Azov dengizi oralig’ida Kerch yarim oroli g’arbida Qrim yarim orolining bir qismi — Tarxankut oroli joylashgan. Qrim yarim orolining shimoliy-Sharqiy sohili bo’ylab Azov dengizining kichik qo’ltiqchalari (Sivash va boshqalar) cho’zilgan. Shimoli (yarim orolning katta qismi) dashtli tekislik (dashtli Qrim), janubi (maydoni jihatdan kichik) Qrim tog’lari bilan band. Eng baland joyi 1545 metr (Romankosh tog’i). Janubda Qrimning Janubiy sohili bo’ylab kambar tekislik cho’zilgan; sohilning u yer-bu yerida lakkolitga o’xshash magmatik jinslar (Ayudog’tog’i), qadimgi vulkan massivlar (Qoradog’tog’i) uchraydi. Foydali qazilmalari: Kerch temir rudasi, ko’llarda tuz va shifobaxsh loylar, ohaktosh, gil, mergel. Qrim yarim orolining shimoliy qismining iqlimi mo’tadil quruq. Qishi iliq (yanvarning o’rtacha temperaturasi g, 2°); yozi issiq (iyulning o’rtacha temperaturasi 24°). Qrim yarim orolining Janubiy sohilida iqlim o’rta dengiz iqlimi; yozi issiq (iyulning o’rtacha temperaturasi 24°) va qishi iliq (yanvarning o’rtacha temperaturasi 4°gacha). Yillik yog’in g’arbiy qismida 1000-1200 mm, sharqida 500-700 mm, shimolda 300-500 mm. Yarim orolning daryolari kamsuv; muhimlari — Chyornaya, Belbek, Kacha, Alma, Salgir. Shimoliy Qrim kanali, Salgir daryosida Simferopol suv ombori qurilgan. Bir necha yirik sho’r ko’l bor. Shim. qismida kashtan, Sivash bo’ylab kashtan, sho’rtob, sho’rxok tuproqlar, Markaziy qismida qoratuproq, tog’oldi va tog’larda ishqorsizlangan qoratuproq, qo’ng’ir tog’-o’rmon, yaylovlarda qoratuproqsimon tog’-o’tloq tuproqlar tarqalgan. Shim. qismining yer yuzasi haydalib ekin ekiladi. Ozroq qismida dasht o’simliklari saqlanib qolgan. Tog’larda (ayniqsa, shimoliy yon bag’rida) dub, qoraqay-ingrab, qarag’ay o’rmonzorlari bor. Qrimning Janubiy sohilida o’rta dengiz atrofiga xos o’simliklar o’sadi. Manzarali daraxt va butalardan iborat parklar, bog’lar, tokzorlar, tamaki plantasiyalari ko’p. Qrim tog’larining Janubiy etagidan sohil qismida dengiz bo’yi shahar-kurortlari joylashgan. Yarim orolda bir necha qo’riqxona, Nikita botanika bog’i bor.