Qon kasalliklari

Qon kasalliklari, qon sistemasi kasalliklari — periferik qon va qon yaratuvchi a’zolarning shikastlanishi bilan kechadigan kasalliklar guruhi. Qon kasalliklarining kelib chiqish sabablari va belgilari xilma-xil, lekin ularning hammasida ham qon hujayralarining ishlanib chiqishi, funktsiyalari, organizmda taqsimlanishi va boshqa ko’rsatkichlari buziladi. Bu o’zgarishlar qon yaratilishini idora etadigan nervendokrin Sistema funktsiyasi hamda boshqa a’zolar (me’da, jigar) faoliyatiga, organizmning irsiy xususiyatlarini belgilovchi gen apparatiga bog’liq. Qon kasalliklariga olib keladigan jarayonlar mexanizmi murakkab va xilma-xilligi sababli Qon kasalliklarini shartli ravishda patogenetik xususiyatlari va klinik belgilariga qarab leykozlar, kamqonliklar va koagulopatiyalarga ajratiladi. asosan, qizil qon sistemasi kasalliklari, oq qon sistemasi kasalliklari, trombositlar (qon plastinkalari)ning kasalliklari tafovut qilinadi. Bularning kelib chiqishida qon sistemasida ro’y beradigan aplastik, giperplastik o’zgarishlar va qon yaratilishining buzilishiga olib keladigan boshqa patologik jarayonlarning ahamiyati katta. Qizil qon sistemasi kasalliklari. Bunga qizil qon shaklli elementlari — eritrositlar kamayishi bilan kechadigan turli xil anemiyalar, ularning ortiqcha ishlanib chiqishi bilan ifodalanadigan eritremiyalar, oq qon sistemasi kasalliklariga turli xil leykozlar, ko’p sonli mieloma kasalligi, Xojkin kasalligi (limfogranulematoz), limfosarkoma, retikulosarkoma va boshqalar kiradi. Trombositlar kasalliklari ko’mikda megakariosit hujayralar yoki trombotsitlar faoliyatining susayishi bilan bog’liq ravishda paydo bo’ladi. Bularga idiopatik trombositopenik purpura, Glantsman xastaligi kiradi. Qon kasalliklari bir-biridan farq qilsa ham, lekin ma’lum bir qonuniyat bilan avj olib borib, organizmdagi talaygina a’zolar faoliyatining izdan chiqishiga sabab bo’ladi. Qon kasalliklari turi, xususiyatlari va avj olish darajasiga qarab davo qilinadi. Qon kasalliklarining kelib chiqish sabablari va avj olish mexanizmlarini o’rganish, davolash chora-usullarini ishlab chiqish masalalari bilan gematologiya shug’ullanadi.