Qon so’rarlar

Qon so’rarlar, qon so’rar pashshalar— doira chokli kalta mo’ylov ikki qanotlilar oilasi. Qushlar va sut emizuvchilar qonini so’ruvchi ektoparazitlar (nomi shundan). Kuchli rivojlangan oyoqlari va tishchali tirnoqlari yordamida o’z xo’jayinining yungi va patlariga yopishib oladi. Qanotli, kalta va qanotsiz (masalan, qo’y Qon so’rarlari) turlari bor. 200 dan ortiq turi ma’lum. Ko’pchilik Qon so’rarlar muayyan hayvonlar guruhida parazit yashashga moslashgan. O’zbekiston faunasida 11 turi aniqlangan. Qurtlari urg’ochisining bachadonsimon kengaygan tuxum yo’lida rivojlanadi; 2 ta yirik qo’shimcha bezlar ishlab chiqaradigan suyuqlik («sut») bilan oziqlanadi; muayyan vaqt oralig’ida bittadan tug’iladi. Qurtlari g’umbakka aylanishdan oldinroq tug’iladi. Yangi tug’ilgan qurtlar tanasi elimsimon modda bilan qoplangan. Bir necha soat davomida qurt yelim g’ilof ichida gumbakka aylanadi. Shuning uchun Qon so’rarlarni g’umbaklik davrida tug’iluvchilar guruhiga kiritiladi. Ot, eshak va sigirlarda ot Qon so’rarlari, itlarda it Qon so’rarlari, qo’ylarda qo’y Qon so’rarlari parazit holda yashaydi. Qon so’rarlar ba’zan odamga ham hujum qiladi. Qon so’rarlar hayvonlarni bezovta qilib, ziyon yetkazadi.