Qon yaratilishi

Qon yaratilishi, gemopoez – qon hujayralarining hosil bo’lishi, rivojlanishi va yetilishi. Odamda va sut emizuvchi hayvonlarda qon yaratuvchi a’zolarni, umurtqasiz hayvonlarda, asosan, bo’shliqlardagi suyuqliklar va qonning o’zida yoki gemolimfada hosil bo’ladi. Qon yaratilishi uzluksiz jarayon bo’lib, ko’pchilik qon hujayralarining qisqa hayotiy tsikli tufayli ro’y beradi. Odam embrionida sariqlik xaltachasidagi mezenxima hujayralarida qon yaratuvchi hujayra hosil bo’ladi; homila 3 oyligidan to tug’ilguniga qadar qon jigarda va taloqda, 4 oyligidan boshlab esa bir vaqtda ko’mikda ham hosil bo’la boshlaydi, 4-oydan boshlab limfa tugunlarini limfositlar shakllanadi. Uch oylik homilada qizil qon tanachalari — megaloblastlar (yadroli yirik hujayralar) yetilib, yirik eritrositlar (megalositlar)ga, so’ng eritroblastlarga aylanadi, ular asta-sekin normoblastlar bilan almashinadi. Yangi tug’ilgan bola va katta yoshdagi sog’lom organizmda bo’ladigan eritrositlar ana shu normoblastlardan vujudga keladi. Barcha yetilgan qon hujayralari bir-biridan farqlansa ham yagona boshlang’ich (ustun) qon yaratuvchi hujayralardan vujudga keladi. Ko’mikdagi boshlang’ich qon hujayralarining yetilib qonning yetuk shaklli elementlarga aylanishi qon hosil qiluvchi a’zolarda sodir bo’ladi. Qon o’zaniga (tomirdagi qon oqimiga) qonning barcha funktsiyasini bajara oladigan etuk hujayralar tushadi. Sog’lom organizmdagi qon tarkibi va qon yaratish a’zolari o’zaro dinamik muvozanatda bo’ladigan yaxlit bitta sistemani tashkil qiladi; yemirilgan qon hujayralari qon hosil qilish a’zolarida uzluksiz yangilanib turadi. Qon yaratilishidagi bunday muvozanat markaziy va vegetativ nerv sistemasi, gormonlar, vitaminlar, shuningdek, maxsus moddalar — gemopoetinlar tomonidan boshqariladi. Qon yo’qotganda, qonda kislorod yetishmaganda, yallig’lanish jarayonlarida, infektsion kasalliklarda qonda eritrositlar yoki leykositlar hosil bo’lishi kuchayadi, bu organizmning himoya reaktsiyasidir; bunday holat qonning reaktiv o’zgarishi deb ataladi. Qon hosil bo’lishining tezlashuvi organizmning himoya reaktsiyasi bo’lganligi sababli kishi sog’ayganda qon yaratilishi ham normallashadi. Ayrim kasalliklarda (organizmda temir moddasi, vitamin V|2 yetishmaganda, taloq kasallanganda, me’da olib tashlanganda, zaharli moddalardan zaharlanganda) qon hosil bo’lishi susayadi, kamqonlik ro’y beradi. Bundan tashqari, ko’mikda turli patologik jarayonlar paydo bo’lishi mumkin, bunda, asosan, qonda yosh (yetilmagan) shaklli elementlar ko’payadi.