Qon ketishi

Qon ketishi, qon oqishi – jarohatlangan tomirlardan qon oqishi bilan kechadigan patologik holat. Shikastlanishlar va turli xil kasalliklar oqibatida yuzaga keladi. Arterial (Arteriya tomirlaridan och qizil rangdagi qon otilib chiqadi), venoz (vena tomirlaridan qoramtir qon oqadi), kapillyarlar va parenximatoz a’zolar (jigar, taloq, buyrak va boshqalar)dan qon ketadi. Qon ketishi tezligi shikastlangan tomirlarning katta- kichikligi va uning devorlari holatiga bog’liq. Qon birorta a’zo (me’da, ichak, miya va b.)ga yoki tashqariga oqadi. Qon qusish, qon tuflash, qon siyish, plevra va qorin bo’shlig’ida qon to’planishi, bachadondan qon ketishi va boshqalar ham Qon ketishi turlaridan. Arteriyadan Qon ketishi juda xavfli, bunda qon tomirdan bosim bilan otilib chiqadi. Bolalar va qariyalarda qon yo’qotish ayniqsa xavfli. Ayollarda qon yo’qotish erkaklarga nisbatan engilroq kechadi. Qon ivishining pasayishi bilan kuzatiladigan ba’zi kasalliklarga (gemofiliya, nur kasalligi) duchor bo’lgan odamlarda qon ko’p ketmasa-da, Qon ketishi jarayoni uzoq davom etishi tufayli xavfli bo’ladi. Qon ketishi tashqi (qon teridagi jarohat orqali tashqariga chiqadi) va ichki (qorin, ko’krak, kalla suyagi bo’shliqlari va boshqalar) bo’lishi mumkin. Qon to’qima ichiga quyilganda yumshoq to’qimalarni suradi va u yerda to’planib, gematoma hosil qiladi yoki singib ketadi. Tashqi Qon ketishi, odatda, teri va og’iz, burun bushlig’i shilliq pardalarining jarohatlanishi bilan bog’liq. Bevosita shikastlanishdan so’ng paydo bo’ladigan travmatik Qon ketishi birlamchi, jarohatlangandan so’ng bir necha kun o’tgach, takrorlangan Qon ketishi ikkilamchi Qon ketishi deyiladi. Bunday Qon ketishining sababi ko’pincha jarohatdagi yiringlash jarayonlari bo’lib, ular shikastlangan tomirni berkitib qo’ygan qon laxtalarining erib ketishiga olib keladi. Tananing yopiq yoki chegaralangan bo’shlig’iga Qon ketishi, asosan, ichki a’zolar (jigar, o’pka va boshqalar) ning shikastlanishi natijasida yuz beradi va bunda qon tashqariga chiqmaydi. Bunday Qon ketishi faqat qon yo’qotish tufayli organizm umumiy holatining o’zgarishi va bo’shliqqa to’plangan suyuqlik belgilari orqali bilinishi mumkin. Qorin bo’shlig’iga Qon ketishi, asosan, o’tkir kamqonlik belgilari — rangparlik, tomirning kuchsiz, lekin tez urishi, chanqash, uyquchanlik, ko’z oldi qorong’ilashishi, hushdan ketish bilan ifodalanadi. Ko’krak bo’shlig’iga Qon ketishida kamqonlik simptomlari hansirash (qiynalib va tez nafas olish) bilan birga namoyon bo’ladi. Ko’krak bo’shlig’iga qon to’planganligini eshitib, urib ko’rib va rentgenologik tekshirishlar yordamida aniqlanadi. Kalla suyagi ichiga Qon ketishida birinchi o’rinda qon yo’qotish simptomlari emas, balki bosh miyaning ezilish belgilari — es-hushning o’zgarishi, nafas olishning izdan chiqishi, falajlar va boshqa nevrologik xususiyatlar yuz beradi. Ichki Qon ketishida bo’shliqli (kovak) a’zolarga qon to’plangan sari u tabiiy chiqaruv teshiklari orqali tashqariga chiqa boshlaydi, lekin bunday Qon ketishining sababini aniqlash hamma vaqt ham oson bo’lavermaydi. Og’izdan qon kelishi o’pka, yuqori nafas yo’llari, halqum, qizilo’ngach va me’dadan Qon ketishi bilan bog’liq. Axlatda qon bo’lishi me’da-ichak yo’lining istalgan qismidan Qon ketishida kuzatiladi. Siydikda qon bo’lishi buyrak, siydik yo’li va qovuqdan Qon ketishidan dalolat beradi. Bunday hollarda to’g’ri diagnoz qo’yish uchun ajralib chiqayotgan qonning ko’rinishi va holati katta ahamiyatga ega. Og’izdan qip-qizil ko’pirgan qon kelishi o’pka sili uchun xos. Kofe quyqasi rangida qusish me’dadan va o’n ikki barmoq ichakdan Qon ketishini, qoramoysimon axlat me’da- ichak yo’lining yuqori bo’limidan Qon ketishini bildiradi. To’q qizil axlat bilan bir tekis ajralgan qon ingichka ichakdan, rangi o’zgarmagan va axlat bilan aralashmagan qon yo’g’on ichakning eng pastki bo’limidan Qon ketishidan dalolat beradi. Ammo hamma vaqt ham bu belgilar Qon ketishining sababi, manbaini aniqlash imkonini bermaydi, shuning uchun murakkab diagnostik tekshiruvlardan foydalanishga to’g’ri keladi. Qon ketishini vaqtincha va tamoman to’xtatish mumkin. Vaqtincha qon to’xtatishda jgut, bosuvchi bog’lamlar bog’lanadi, tomir toraytiruvchi moddalar, muz ishlatiladi. Tamoman qon to’xtatishda jarrohlik usullari (tomirlarni bog’lash, tikish, shikastlangan a’zolarni olib tashlash), shuningdek, qon quyish, qon o’rnini bosuvchi suyuqliklar va dorilar qo’llaniladi.