Qon quyish

Qon quyish, gemotransfuziya — davolash muolajasi; qon va uning tarkibiy qismlari (qon plazmasi, eritrositlar, leykositlar va trombositlar massasi)ni davo maqsadida bemor organizmiga quyish. Qadimda vrachlar qon odamning hayot qobiliyatini oshiradi deb taxmin qilib, qonni yoshartirish maqsadida, ruhiy bemorlarni davolashda qo’llashgan, lekin bunda Qon quyish o’rniga uni bemorga iliqholda ichirish tavsiya etilgan. Qon quyishga urinishlar ingliz olimi U.Garvey tomonidan yopiq qon aylanish sistemasining kashf etilishidan (1628) so’ng boshlandi. 19-asrga kelib odamga faqat odam qonini quyish mumkinligi isbotlandi. Biroq Qon quyish tibbiyot amaliyotiga 20-asr boshlarida kishilarda qonning 4 gruppasi borligi aniqlangach. resipient (qon oluvchi) va donor qonining mos kelishi qonuniyatlari o’rganilgandan so’ng joriy qilindi. Donor qonining ivib qolishiga to’sqinlik qiladigan va uni uzoq muddat saqlaydigan (konservatsiya) vositalarining topilishi Qon quyishning yanada keng tarqalishiga imkon berdi. Qon quyishda donordan olingan qon, shuningdek, qon o’rnini bosuvchi suyuqliklar ishlatiladi. Shok, ko’p qon yo’qotish bilan kechadigan operatsiyalar, ichki a’zolardan (me’da, o’pka va boshqalar) qon ketganda, anemiya, yiringli jarayonlarda, kuyganda, zaharlanganda va boshqalarda qon quyiladi. Qonda eritrositlar miqdori kamaysa eritrositlar massasi, leykositlar kamayganda esa leykotsitlar massasi quyiladi. Qon bevosita (donordan resipientga) va bilvosita (donordan olinib, konservantli flakonga solib qo’yilgan qon ishlatiladi) periferik yoki katta venalarga tomchilatib, ba’zan ko’p qon yo’qotilganda oqizib arteriyaga quyiladi; ko’pincha qon bilak venasidan yuboriladi. Qon quyishdan oldin donor va resipientning qon gruppalari, rezus-faktori tekshiriladi. Qon quyishda resipient bilan donorning qon gruppalari o’zaro munosib bo’lishiga qat’iy amal qilinadi. Amaliy transfuziologiya uchun AVO, KP (rezus), Ke11 (Kell) va b. antigenlar muhim ahamiyatga ega. Qon quyish chog’ida bemorga quyilishi lozim bo’lgan miqdorni bir yo’la quymay, bo’lib-bo’lib (3 marotaba) yuboriladi, dastlab ozgina qon tez yuborilib bir oz kutiladi, bemorda hech qanday noxushlik alomatlari paydo bo’lmasa. muolaja davom ettiriladi. Qon quyish aseptika qoidalariga rioya qilgan holda vrach nazoratida bajariladi. Qon quyganda belda og’riq tursa, ko’ngil aynisa, eshakem toshsa Qon quyish to’xtatilib, bemor darhol adyolga o’ralib, unga issiq choy ichiriladi va vrach buyurgan dori-darmonlar qilinadi.