Qo’ng’ir temirtosh

Qo’ng’ir temirtosh – temir rudasi, temir gidrooksidi (gyotit, gidrogyotit, lepidokrokit va boshqalar) ning kremniy va alyuminiy oksidlari va gidrooksidlari bilan birikmasi. Qo’ng’ir temirtosh — minerallarning yupqa dispers aralashmasi, rangi to’q jigarrangdan och sariqqacha. G’ovak, tuproqsimon massa, oolit, dukkakli, konkresiya va stalaktitlar ko’rinishida bo’ladi. Ba’zan tarkibida pirit, Markazit va boshqa sulfidlar, temir tarkibli karbonatlar va oksidlar hamda qazilma organizmlar qoldiqlari uchraydi. Qo’ng’ir temirtosh — temir rudalarining eng ko’p tarqalgan turi, tarkibida 30% dan ortiq temir bo’lib va zararli aralashmalar — oltingugurt, fosfor va margimush kam bo’lsa sanoat ahamiyatiga ega bo’ladi. Qo’ng’ir temirtoshning hosil bo’lishi yer po’stining yuqori zonasidagi oksidlanish jarayoni bilan bog’liq. Ulardan metallurgiya sanoatida keng foydalaniladi. Qo’ng’ir temirtoshning eng yirik konlari: cho’kindi (dengiz, Daryo, ko’l, botqoqlik) va o’ta asosli tog’jinslarining nurash po’stida vujudga keladi. Oolitli Qo’ng’ir temirtoshlarning dunyo bo’yicha eng yirik cho’kindi konlari: Rossiya Federatsiyasi (G’arbiy Sibir havzasi), Frantsiya (Lotaringiya)da bor. Xrom-nikelli cho’yan va po’latlarni quyish uchun xom ashyo hisoblanadigan o’ta asosli tog’jinslarining (nikel, xrom va kobalt aralashmasi bilan) tabiiy legirlangan Qo’ng’ir temirtosh konlari AQSh, Rossiya Federatsiyasi (Ural), Kuba (Mayari) va yangi Kaledoniyada mavjud.