Quva

Quva — Farg’ona viloyati Quva tumanidagi shahar (1974 yildan), tuman markazi. Farg’ona shahridan 40 kilometr shimoli-Sharqda. Yaqin temir yo’l stantsiyasi Quva (4 kilometr). Aholisi 40 ming kishi (2005). Quva — Farg’ona vodiysidagi eng qadimgi shaharlardan biri. Shaharning vujudga kelishi va nomi xaqida turli rivoyatlar mavjud. «Farg’ona tarixi»ning muallifi Ibratning yozishicha, Quva Qubod (yoki Qubo) deb atalib, keyinchalik «Quva» shaklini olgan. Quva va Davan davlati to’grisida dastlabki ma’lumotlar miloddan avvalgi 2-asrga mansub Xitoy manbalarida keltirilgan. O’sha davrda Quva kengayib qo’handiz, Shahriston va rabod kabi uch qismdan iborat bo’lgan. Shahar tevaragi ikki qator qalin va baland mudofaa devori bilan o’ralgan. Rabodda baland (3,6 metr) yaxlit tagkursi ustida budda ibodatxonasi qad ko’targan. Ibodatxona 8-asr boshlarida arablar tomonidan vayron qilingan. 9-12-asrlarda Quva Farg’onaning yirik, ko’rkam va obod shahriga aylangan. Istaxriyning ta’kidlashicha, Quva kattaligi jihatidan Farg’onada Axsikatdan keyin ikkinchi shahar hisoblangan. Ibn Havqalning yozishicha, Quva Sayxun (Sirdaryo)gacha yetib boradigan nahr sohilida qad ko’targan. Uning markazida Registon maydoni, ko’handizda jome masjidi, rabodida esa saroy, qamoqxona va bozorlari joylashgan. Quva mo’g’ullar istilosi oqibatida vayron etilib, 14-16-asrlarda qasaba shaklidagi maskanga aylangan. Yoqut Hamaviy Quvani katta shahar deb ataydi. Shahar Mahmud Qoshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asariga ilova qilingan xaritasida ko’rsatilgan. Quvada hunarmandchilik rivojlangan. Temirchilik va shishasozlik yuksak darajaga yetgan, shaharning o’z tangasi zarb qilingan. «Boburnoma»da Quva Andijondan 4 og’och (farsax) narida joylashgan qishloq deb aytiladi. Tarixchi A.Muhammadjonovning fikricha, shahar nomi «Qaviybod», «qavobod» yoki «Qaybod» shakllarida talaffuz etilgan va qaviylarning qarorgohi, tojdor hukmdorning Kayoniy taxti o’rnatilgan qasr va mamlakatning bosh shahri — poytaxt ma’nosini anglatgan. Keyinchalik o’zgarib Quva shaklini olgan. Quvada 1956-60 yillarda Ya.G’ulomov boshchiligida (V.D.Jukov, I.Ahrorov, V.A.Bulatova, A.Muhammadjonov, H.Muhamedov, M.Aminjonova) arxeologik qazishma ishlari olib borildi. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, o’rta asrlarda Quvaning umumiy maydoni 100-120 gektarni tashkil etgan. Shundan Shahriston 12 gektar va uning shimoliy-Sharqiy burchagidagi arki a’lo 1 ga maydonni egallagan (Shahriston va Ark qoldiqlari hozirgacha saqtangan). 1998 yil Ahmad Al- Farg’oniyning 1200 yillik yubileyiga tayyorgarlik ko’rish vaqtida Quvada arxeologik qazishmalar olib borildi. Buning natijasida shahristonning Janubiy mudofaa devori ostidan 8 metrdan ziyod chuqurlikdan miloddan avvalgi 2— 1-asrlarga oid moddiy madaniyat buyumlari topildi. 1998 yildagi qazishma ishlari natijasida shaharning uch darvozasi o’rni aniqlandi, shahar xarobasi hududidan turar joy binolari majmuasi va uning shimolda 7-8-asrlarga oid budda ibodatxonasi hamda u yerdagi budda ilohlari haykallari topildi. Quvadan bir qancha mashhur kishilar. xususan, Ahmad al-Farg’oniy, Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad al-Quboviy. Rukniddin Quboviy, Muhammad ibn Muhammad al-Quboviy, Abduqa-yum Vaxmiy, Shokirxon Hakimiy va boshqalar yetishib chiqqan. Shaharda paxta tozalash, g’isht zavodlari, mebel, tikuvchplik, qandolatchilik fabrikalari. don mahsulotlari kombinati. Aholiga maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, qurilish tashkilotlari, yo’llarni ta’mirlash tashkiloti, ta’mirlash- qurilish boshqarmasi, «Issiqnon», to’qimachilik korxonalari. dehqon bozori. savdo markazi, anor sharbati ishlab chiqaruvchi tsex. Avtokorxona bor. O’zbekiston — Turkiya «Ahror» qushma korxonasi faoliyat ko’rsatadi. 5 umumiy ta’lim, bolalar musiqa maktablari, litsey. klub muassasalari. Tuman markaziy, bolalar kutubxonalari, madaniyat va istirohat bog’i, baynalminal jangchilar, 2-jahon urushi qatnashchilari xiyobonlari, Ahmad al-Farg’oniy yodgorlik majmui, o’lkashunoslik muzeyi, stadion mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, shahar kasalxonasi, tish davolash poliklinikasi, maxsus dispanser, «ona va bola» reabilitasiya markazi, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Quvadan Farg’ona, Qo’qon, Marg’ilon, Andijon, Asaka, Shahrixon, O’sh, Aravon va boshqa shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Ad.: Abduxoliq Abdurasul o’gli, Qadimgi Farg’ona tarixidan [Xitoy manbalarida Farg’ona haqida ilk ma’lumotlar]. T., 2002.