Qontalash

Qontalash — yumshoq to’qimalarga qon quyilishi. Shikastlangandan bir necha soat (ba’zan bir necha minut) keyin gavda to’qimalarining yuzasiga qon quyilishi bilan kechadi. Qontalash oldiniga to’q qizil rangda bo’ladi; quyilgan qondagi gemoglobinning parchalanishidan Qontalashning rangi asta-sekin o’zgarib, qizildan ko’k rangga, so’ngra yashil, oxiriga borib sariq rangga o’tadi va keyinchalik Qontalash butunlay so’rilib ketadi. Qontalashning rangiga qarab lat yeyish qachon sodir bo’lganini aniqlash mumkin. Og’riq qoldiruvchi vositalar, Qontalashning so’rilib ketishi uchun boshida sovuq, keyinchalik issiq qilinadi. Chuqur to’qimalarga qon quyilganda shikastlangandan bir necha kun keyin Qontalash yuzaga kelishi mumkin. Ba’zan Qontalash hayot uchun xavfli hisoblanadi. Masalan, bosh shikastlanib, ko’z qovoqlarida Qontalash («ko’zoynak» ko’rinishida) paydo bo’lishi kalla suyagi singanligidan dalolat beradi. Bunda darhol vrachga murojaat qilish kerak. Qon yoki qon tomirlari kasalliklarida, yengil lat yeganda ham Qontalash paydo bo’ladi.