Qodirov Tavakkal

Qodirov Tavakkal (1926.24.4, Quva tumani — 1996.13.4, Farg’ona) — xonanda (lirik tenor), O’zbekiston xalq artisti (1989). Farg’ona musiqa bilim yurti (1961) va Farg’ona pedagogika inti (1990) ni tugatgan. Dastlab quvalik Tursunboy Karimovdan doira va g’ijjak (skripka) chalishni, «Dugoh», «Segoh» kabi mumtoz cholg’u kuylarini, G’. va E.Hoshimovlardan ashula yo’llari, («Yolg’iz», T.Jalilov; «O’ltirg’usi», J.Sultonov va boshqalar)ni o’rgangan. Keyinchalik K.Otaniyozov, J.Sultonovdan o’zbek mumtoz va zamonaviy bastakorlar ashulalarini o’zlashtirgan. Quva tumani madaniyat uyida badiiy rahbar (1951- 59), Farg’ona teatri (1959-78), Farg’ona viloyatlararo filarmoniyasida yakkaxon xonanda (1978— 91), direktor (1978 — 83), Farg’ona universitetida professor (1991 yildan). Betakror, shirali, jarangdor va tiniq, nihoyatda keng va yuqori diapazonli ovoz sohibi. 1955 yildan J. Oxunov bilan hamnafaslik qilgan. Repertuaridan Farg’ona-Toshkent musiqa uslubi namunalari («Qo’qon ushshog’i», «Toshkent Irog’i», «Tanavor», «Nasrulloyi» va boshqalar), Xorazm yo’llari («Suvora», «Feruz», «Segoh»), zamonaviy bastakorlar («To’y muborak», faxr. Sodiqov; «Bizni tashlab», «Farg’ona tong otguncha», M.Murtazoyev; «Dog’man», K.Otaniyozov; «O’lmasin», J.Sultonov va boshqalar) hamda mumtoz va zamonaviy shoirlar g’azallariga o’zi yaratgan («O’xshaydiku», Hamza she’ri; «Shunchamidi», O.Hakimov; «Jamollaringdan», Naqshiy; «kecha oydin», Mirtemir; «O’ynasin», Habibiy va boshqalar) ashula va yallalar keng o’rin olgan. Ijro uslubi baland avjlarni keng ishlatilishi, ravonlik, keng nafas, har bir so’zini dona-dona qilib aytishi bilan ajralib turadi. Ijodiga bag’ishlangan 2 telefilm (1963, 1992) va videofilm (1991) suratga olingan. Ijrolari bir necha gram-plastinka va O’zteleradiokompaniyasi fonotekasiga yozilgan. N. Hamroqulov, N.Haydarov, S.Mannopov, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist A.Karimov va boshqalarga ustozlik qilgan. Farg’onada san’at kolleji hamda ko’chalardan biriga Qodirov nomi berilgan. Ad.: Mannopov S, Tavakkal Qodirov, Farg’ona, 1994.