Qora baliqlar

Qora baliqlar, marinkalar — karpsimonlar oilasiga mansub baliqlar urug’i. Uzunligi 50-70 santimetrgacha (odatda, 25-45 santimetr), vazni 8 kilogrammgacha (odatda, ancha kam). Orqa suzgichida mayda tishchali tikanlari bor; orqa chiqaruv teshigi yaqinidagi tangachalari birmuncha yirikroq. Osiyo qit’asidagi suv havzalarida, shuningdek, Amudaryo va Sirdaryoda keng tarqalgan. Maydan avgustgacha 13,5—28 mingtagacha uvildiriq tashlaydi. Shu davrda uvildiriqlari, qorin bo’shlig’i devori pardasi zaharli bo’lishi mumkin. O’zbekistonda tog’daryolari va soylarda oddiy Qora baliqlar tarqalgan. Yosh baliqchalar bentos hayvonlari va o’simlik bilan oziqlanadi. Voyaga yetgan Qora baliqlar yirtqich.