Qora ildiz chirishi

Qora ildiz chirishi – o’simliklarning zamburug’ kasalligi, o’simlik to’qimalarini yemiradi va qoraytiradi. Madaniy va yovvoyi o’simliklarning 100 ga yaqin turida uchraydi. Parazit zamburug’lar va tuproq bakteriyalari qo’zg’atadi. Kartoshka, pomidor, qulupnay, uzum, sabzini, tamaki ildizi, paxta tolasini zararlaydi. Kartoshka tuganagi Qora ildiz chirishini bakteriya qo’zg’atadi, tuganak o’rtasi chiriydi, po’sti qorayadi, yoriqlardan qora suyuqlik chiqadi. Kasallik dalada boshlanib, yig’ib-terib olinganidan keyin ham davom etadi. Pomidor Qora ildiz chirishida (zamburug’ keltirib chiqaradi) ko’k mevalarida qora dog’lar paydo bo’ladi. Tuproqda, zararlangan mevalarda saqlanib qoladi. G’o’za zamburug’ bilan zararlanadi. Zamburug’ g’o’za qoldiqlarida saprofit sifatida rivojlanadi. Iqlim sharoiti qulay bo’lganda ildizning zararlangan qismi orqali ichiga kiradi, parazitlik qilib, o’simlik hisobiga oziqlanadi. 8-33° temperaturada rivojlanadi. Kasallik avgustning 2-yarmida to’satdan so’lish bilan boshlanadi, barglar bir necha vaqt yashil rangda bo’lib, tarangligini yo’qotadi, ammo to’kilmaydi. Ildiz bo’g’zi yo’g’onlashib, shakli o’zgaradi. Ildiz bo’g’zi to’qimasi bo’ylama kesilganda 5-10 santimetrdan qizil qo’ng’ir rang ko’rinadi. Paxta hosildorligini 15-20% gacha kamaytiradi. Kurash choralari: o’simliklarga Bordo suyuqligi purkash, zararlangan o’simlik qoldiqlarini yo’qotish; o’simlik poyalarini ildizi bilan yig’ib olish; yerni chuqur shudgorlash.