Qora Yusuf

Qora Yusuf (? – 1420.13.11, Ujon) — Qora qo’yunli turkman qabilasi amiri Qoramuhammad turkmanning o’g’li. Sharafuddin Ali Yazdiy «Zafarnoma» asarida qayd etilishicha, Amir Temur G’arbiy yurishlari chog’ida Qora Yusufning hajga boruvchilar va savdo karvonlarini talab, qaroqchilikni kasb etganini bilgach, uni qattiq ta’qib ostiga oladi. Qora Yusuf Amir Temurga qarshi Iroq hokimi Ahmad Jaloyir bilan ittifoq tuzadi, biroq ular Sohibqiron hujumiga dosh berolmay Misr va Rum sultonlaridan panoh izlaydilar. Amir Temur vafotidan so’ng, Qora Yusuf Tabrizga qaytadi va tez orada o’zini tiklab Temuriylar saltanatiga xavf tug’dira boshlaydi. 1408 yil 13 aprelda Tabriz yaqinidagi Shanbi G’ozonda Mirzo Abubakr ibn Mironshoh bilan Qora Yusuf o’rtasida qattiq jang bo’ladi va Qora Yusuf lashkari g’olib keladi, Mironshoh Mirzo shu jangda halok bo’ladi. Shundan so’ng Iroqi Ajam, Ozarbayjon, Arron, mug’on, Diyorbakr, Iroqi Arabdan iborat hududlar uning hukmi doirasiga o’tadi va Qora Yusuf Temuriylarga qarashli Sultoniyaga da’vogarlik qiladi. Shohrux mazkur xavfni bartaraf etish va akasi Mironshoh o’limi uchun ham qasos olish maqsadida katta lashkar bilan Qora Yusuf ustiga yurish boshlaydi. U Rayga yetib borganida Qora Yusufning Ujonda o’lgani haqida xabar keladi. Qora Yusuf vafotidan so’ng, uning o’g’illaridan Amir Iskandar Temuriylar saltanatiga tajovuz qilgan. Shohrux uning ustiga katta lashkar tortib 1429 yil 17-18 sentabrda Salmos yaqinidagi shiddatli jangda Amir Iskandar lashkarini tor-mor etgan.