Qora sirt

Qora sirt — Hisor tizmasining Janubiy-g’arbiy tarmoqlaridan biri. Qashqadaryo viloyatida. Shimolda Katta O’radaryo, Janubda kichik O’radaryo (G’uzordaryo irmoqlari) oralig’ida. Shimoli- sharqdan Janubi-g’arbga qariyb 40 kilometrga cho’zilgan. O’rtacha balandligi 1500-2000 metr, eng baland joyi 2886 metr. Suvayirg’ich qismi va yon bag’irlarida tekis yuzalar uchraydi. Yon bag’irlari chuqur, darasimon soy o’zanlari bilan kesilgan. Gipsli gillar, qumtosh va ohaktoshlardan tashkil topgan joylarida karst jarayonlari va relef shakllari (karrlar, karst voronkalari va botiqlari, g’orlari) rivojlangan. Yozi quruq, issiq, yillik yog’in 500-700 mm, asosan, qish va bahor fasllarida yog’adi. To’q bo’z, jigarrang, qo’ng’ir tog’-o’rmon, tog’o’tloq tuproklar tarqalgan. Baland bo’yli boshoqli o’tlar, butalar (bodom, pista, na’matak), archalar o’sadi.