Qorabura

Qorabura — to’g’on, damba, sohilbo’yi to’siklar kabi suv inshootlarini barpo etishda ishlatiladigan bog’lama — fashina. Qorabura Toshkent viloyatida qorabo’yra, Zarafshon vodiysida Navala yoki navola, Farg’ona vodiysida o’luk, Sirdaryo vohasida Qorabura, Xorazmda esa navard yoki vard nomlari bilan yuritilgan. Qoraburalar shox-shabba va qamishdan tsilindr shaklida ishlanib, ohak tosh, chim va shag’al bilan to’ldirilgan va ko’ndalangiga 3 yoki 4 yeridan yulg’un yoki qamish bilan bog’langan. Yozma manbalarda qayd etilishicha, Qoraburalar diametri 1-2 metr, uzunligi 6-8 metr va undan ham uzunroq bo’lgan. Qoraburalar suv xo’jaligida texnik jihatdan qulay va suv oqimiga chidamli uskuna hisoblangan. Ulardan bosh to’g’onlarni barpo etishdan tortib, qirg’oqning Daryo yoki soy oqimi yuvib ketgan obgir joylarni tiklashda keng foydalanilgan. Qoraburalar aksariyat Daryo yaqinida Qamishli, yulg’unzor va chakalakzorlarga yaqin joylarda yasalgan. Bunday yerlar tarixda «Qorabura» nomini olgan.