Qoraqalpog’iston dehqonchilik instituti

Qoraqalpog’iston dehqonchilik instituti, Sh.Musayev nomidagi Qoraqalpog’iston dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti — ilmiy muassasa. O’zbekiston Qishloq xo’jaligi ilmiy-ishlab chiqarish Markazi tarkibida. Chimboy shahrida joylashgan. 1958 yilda Butunittifoq paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti (soyuznixi)ning Chimboy zonal tajriba stansiyasi (1928) bazasida tashkil etilgan. Institutda g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi (g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi, genetika va g’o’za tolasi texnologiyasi laboratoriya bilan), don ekinlari yetishtirish texnologiyasi va urug’chiligi (moyli, yem-xashak ekinlari urug’chiligi, agroekologiya va dehqonchilik, sug’orish va melioratsiya laboratoriya bilan), o’simliklarni himoya qilish bo’limlari; Turtko’l Janubiy filiali, biofabrika, ilmiy kutubxona bor (2005). Ilmiy tadqiqot o’tkazish va tajribalar qo’yish uchun institut eksperimental bazasiga 250 gektar yer ajratilgan. Tadqiqotlarning asosiy yo’nalishlari: hozirgi Orol bo’yidagi ekstremal sharoitlarga mos keladigan, U-tip tola beradigan, qimmatli xo’jalik belgilariga ega bo’lgan tezpishar, sho’r va qurg’oqchilikka chidamli g’o’za navlarini yaratish va joriy etish; don, dukkakli, moyli va yem-xashak ekinlari yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish; xo’jalik yuritishning yangi tashkiliy tuzilmalarida o’simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilishning uyg’unlashgan usulini takomillashtirish, qishloq xo’jaligida qo’llaniladigan kimyoviy preparatlarning ekologik-iqtisodiy va biologik samaradorligini o’rganish va boshqalar. Keyingi yillarda institutda g’o’za, beda, Sudan o’tining bir necha istiqbolli navlari yaratildi. Chimboy-160, Chimboy-3000, Chimboy-4104 g’o’za navlari, Qoraqalpog’iston (1, 2, 5) beda navlari rayonlashtirildi. Ko’p yillik ilmiy izlanishlar natijasida Qoraqalpog’iston sharoitlariga mos Chimboy-5 nok navi, Chimboy qandak o’rik navi, qovunning vitaminlarga boy Zamcha, qariqiz, Bishak navlari yaratildi, 30 mahalliy navi tiklandi. Almashlab ekish sxemalari, tunroqni ishlash usullari, o’g’itlash sistemasi, kimyoviy va biologik himoya usullari bo’yicha ilmiy asoslangan tavsiyanomalar ishlab chyqildi. Institut faoliyati Y.R.Kurbonov, U.Toremuratov, Z.Toxtabayev, I.Smeshov, D.Shamshetov, A.N. Tribunskiy, A.V.Bereznyakova, M.Azizov, B.Mambetnazarov, B.Yusupov, E.Toreniyazov va boshqa olimlarning nomlari bilan bog’liq. Institut olimlari chet el innovatsiyalari va grantlari bo’yicha ham tadqiqotlar olib boradilar. Chet el firmalari, AQSh qishloq xo’jalik departamenti bilan ilmiy aloqalar yo’lga qo’yilgan.