Qoraqalpog’iston yosh tomoshabinlar teatri

Qoraqalpog’iston yosh tomoshabinlar teatri, Sapar Xo’janiyozov nomidagi qoraqalpog’iston yosh tomoshabinlar teatri — yoshlar va o’smirlar uchun mo’ljallangan teatr. 1978 yil sentabrda «Kechikkan bahor» (K.Rahmonov) spektakli bilan ochilgan. Teatrning ijodiy jamoasini, asosan, Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatib borgan yoshlar (J.Abillaev, J. Jumanov, A.Navro’zova, D.Keunimjayev, N.Xo’jamurodov va boshqalar) va Berdaq nomidagi teatrdan o’tgan S.Ollomurodova, X.Saparov, M.Matchonov, S. O’tepbergenov, G.Dushimov, B.Qaipovlar tashkil etdi. Teatr repertuarining shakllanishi, janr va mavzu nuqtai nazaridan boy va xilma-xilligini ta’minlashda mahalliy dramaturglardan K.Rahmonov, S.Jumagulov, S.Xo’janiyozov, Q.Matmurodov va boshqalarning xizmatlari katta bo’ldi. Chorak asr davomida teatr repertuari «Xeops piramidasi» (T.Qaipbergenov), «Mening do’stlarim» (S.Xo’janiyozov), «Nukus afsonasi» (T.Seytjonov), «to’qqiz bemaza to’ng’ildoq va bir uddaburon chinqildoq» (K.Rahmonov), «Suyunchi» (P. Aytmurodov), «Pitoniyga sayohat» (J. Xo’janov), «Odamlar nega ayniydi» (S.Jumagulov), «Dutorly soldat» (P. Tlegenov) kabi zamonaviy va afsonaviy, Doston va xalq ertaklari asosida yaratilgan sermazmun, tomoshabop spektakllar bilan boyib bordi. Teatrga turli yillarda rahbarlik qilib kelgan N.Ansatboev, R.To’raniyozov, teatr rassomlaridan B.Nurimbetov, L.Kazachok, N.Ashbekov va boshqa qoraqalpoq yoshlarini qardosh xalqlar va jahon dramaturgiyasining durdonalari bilan tanishtirib bordilar: «Kuzning birinchi kuni» (O’.Umarbekov), «Ota taqdiri» (B.Jakiyev), «bolaga ota kerak» (I.Lazutin), «ikki boyga bir malay» (K.Goldoni), «Skapenning nayranglari» (J.Moler), «Buratino» (A.Tolstoy), «etikli mushuk» (Sh.Pero) va boshqalar. A.Navro’zova, I.Aybatov, Q.Kubeso- va, A.Xudoynazarov, A.Ansatboev, D.Keunimjaev, J.Abdimov, L.Xoliqnazarova, K.Shomurodovalar teatrning etakchi aktyorlaridir. Teatr direktori — M.Eshjonov, bosh rejissyori — R.Aytboev. Teshaboy Bayandiyev.