Qoraqum kanali
Qoraqum kanali, Qoraqumdaryo — Turkmanistonning Janubiy-sharqidagi sug’orish kanali. Jahondagi yirik gidrotexnika majmualaridan biri. Hozirgi uzunligi 1100 kilometr. Suv o’tkazish imkoniyati 502 m3/sekund. Amudaryo suvini Turkmanistonning Janubdagi yerlar — Murg’ob, Tajan havzalari va Qopetdog’dan oqib tushadigan va boshqa kichik daryolarning kamsuv havzalariga chiqarib beradi. Amudaryoning chap qirg’og’idan, hozirgi Otamurot shahrining yuqorirog’idan boshlanadi. Turkmanistonning Janub qismini kesib o’tadi. Sutorish maydoni 500 ming gektardan ortiq, 5 ming gektar yaylovga suv beradi. Qoraqum kanali o’zi oqar, kengligi 200 metrgacha, chuqurligi 7,5 metrgacha, bosh qismida 465 kilometrida kemalar qatnaydi, baliqchilik rivojlangan. Kanalning Amudaryodan Murg’obgacha bo’lgan 400 kilometrli 1-navbati 1954— 59 yillar qurilgan. 100 ming gektar qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlarni sug’oradi. Murg’obdan Tajangacha bo’lgan 140 kilometrli 2-navbati 1960 yilda qurilgan, suv sarfi 200 m3/sekund. Kanalning 2-navbati ishga tushirilishi natijasida Tajan vohasida 70 ming gektarga yaqin yangi yer o’zlashtirildi, ilgari sug’orib kelingan 30 ming gektar yerda sug’orish ishlari yaxshilandi. Tajandan Go’ktepagacha 300 kilometr uzunlikdagi 3-navbati 1961-69 yillarda qurilgan, bu esa 100 ming gektar yerni sug’orish imkoniyatini beradi. 1971 yildan 4-navbati qurilishi boshlandi. Qurilgan qismi 1100 kilometr, 2003 yilga qadar Barekat shahrigacha yetkazildi. Qoraqum kanalida 4 suv ombori, jumladan, Hovuzxon va Kopetdog’suv omborlari qurildi. Qoraqum kanali to’la qurilib bitkazilgandan so’ng uning uzunligi 1435 kilometr, suv o’tkazish imkoniyati 1000 m3/sekundga yetadi. Turkmanboshi shahar atrofi sanoat rayonlari suv bilan ta’minlanadi.