Qoraqurum

Qoraqurum — Markaziy Osiyodagi tog’ sistemasi, Hindiston (jammu va Kashmir Shtatlarida) va Xitoy hududlarida. Yer yuzidagi eng baland tog’ sistemalaridan biri. Shimolda Pomir va Kunlun, Janubda Himolay va Gandisishan tizmalari oralig’ida. Uzunligi 500 kilometr, sharqidagi Changchenmo va Pangong tizmalari bilan birga 800 kilometr chamasida. Eni 150-250 kilometr. O’rtacha balandligi 6000 metr, eng baland joyi 8611 metr (Chogori cho’qqisi). Bir qancha cho’qqilarining balandligi 8000 metrdan ziyod. Qoraqurum Alp burmalanishida vujudga kelgan bo’lib, yalong’och qoyali cho’qqilar, Toshloq, tik yon bagirli chuqur daralar, qurumlar xos. Zamini granit, marmar, kristalli slanes, gneys, vulkanogen cho’kindi jinslardan tarkib topgan. Iqlimi keskin kontinental, cho’l iqlimi. Janubiy yon bag’ri Hind okeani mussonlari ta’sirida bir oz sernam. Yillik yog’in 100-500 mm. Muzliklar maydoni 16,3 ming km2, yiriklari: Siachen (uzunligi 75 kilometr), Baltoro, Rimo. Qoraqurum Hind va Tarim daryolari o’rtasida suvayirg’ichdir. Daryolari qor va muzliklardan to’yinadi. Oqmas ko’l va botqoqliklar bor. 3000-3500 metr balandlikkacha qarag’ay, Himolay kedri, Daryo vodiylarida tol, terak o’rmonlari o’sadi. Shimoliy yon bag’irlari sovuq cho’l va quruq dasht, Janubiy musson ta’siridagi yon bag’ri dasht landshaftli, Alp o’tloqlari bor. Tog’yon bag’irlarida donli ekinlar ekiladi, mol boqiladi, bog’va tokzorlar barpo qilingan.