Qoraxitoy gaz-neft koni

Qoraxitoy gaz-neft koni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi kon. Qarshi shahridan 20 kilometr shimoli-Sharqda. 1961 yilda ochilgan. 1965 yilda foydalanishga topshirilgan. Kon relefi kuchsiz tabaqalangan tekislikdan iborat. Qoraxitoy gaz-neft koni Muborak ko’tarilmasining Janub qismidagi eng baland maydonda, 15-gorizont shipi bo’yicha asimmetrik braxiantiklinal burmada joylashgan. Burma shimoliy-g’arbiy yo’nalishda cho’zilgan, uning gumbazi ko’tarilma-uzilma ko’rinishida. Qoraxitoy gaz-neft konida jami 17 ta quduq qazilgan; paleozoy erasi, yura, bo’r va neogen, to’rtlamchi davr jinslari ochilgan. Sanoat miqyosidagi gazlilik quyi bo’r davrining (12-, 13-gorizontlar), neft- gazlilik esa, yuqori yura davrining yotqiziqlari bilan bog’liq. Gaz uyumi to’liq qatlamli, gumbazli, tektonik to’silgan tipga mansub. Uyum o’lchami 4,3×2,05 kilometr, balandligi 155 metr. Gazga to’yingan qatlam qalinligi 23,3 metr. Neft uyumi ustida gaz qopqog’i mavjud. Neft yuqori oltingugurtli (2,35%), smolali (15,5— 30%), parafinli (2,29-4,01%). Qoraxitoy gaz-neft koni zaxirasiga ko’ra kichik konlar toifasiga kiradi. Hozirgi kunda kondan foydalanilmoqda.