Qorako’lchilik va cho’l ekologiyasi instituti

Qorako’lchilik va cho’l ekologiyasi instituti, O’zbekiston qorako’lchilik va cho’l ekologiyasi ilmiy tadqiqot instituti — qorako’lchilik sohasidagi yirik ilmiy markaz. O’zbekiston qishloq xo’jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibida. Samarqand shahrida joylashgan. 1930 yil 26 oktabrda Kattaqo’rg’on stansiyasi asosida mintaqaviy qorako’lchilik tajriba stansiyasi tashkil qilindi. 1935 yilda tajriba stansiyasi O’zbekiston qorako’lchilik ilmiy tadqiqot institutiga aylantirildi, 1939 yildan Butunittifoq qorako’lchilik ilmiy tadqiqot instituti. 1992 yil iyundan O’zbekiston qorako’lchilik ilmiy tadqiqot instituti, 2000 yil apreldan hozirgi nomda. Institut tarkibida (2005): qora rangli Qorako’l qo’ylari selektsiyasi va tovarshunoslik; rangli Qorako’l qo’ylar selektsiyasi, zot monitoringi va mahsulot ishlab chiqarish; Qorako’l qo’ylari biotexnologiyasi va cho’l-yaylov hayvonlari ekologiyasi, Qorako’l qo’ylarni suv bilan ta’minlash va oziqlantirish; cho’l yaylovlarining ekologik monitoringi, cho’l o’simliklari introduktsiyasi, selektsiyasi va urug’chiligi, galofit o’simliklar; cho’lda ozuqa ishlab chiqarish, tuyachilik, echkichilik; qorako’lchilik menejmenti va marketingi; Markaziy tahlil ilmiy-axborot laboratoriyalari, tajriba-konstruktorlik byurosi bor. Ilmiy-texnika kutubxonasi, Qorako’l terilari muzeyi, aspirantura bo’limi faoliyat ko’rsatadi. Ilmiy tadqiqotlar shartnomalar asosida 30 ta naslchilik zavodlari va naslchilik xo’jaliklarida, 1 tajriba stansiyasida, 2 tayanch punktida va 4 tajriba dalalarida olib boriladi. Institutda selektsiya-naslchilik tizimi, terilarning tovar sifatlarini baholash tizimi va ularni navlash standartlari, qo’ylarni qayta urchitish biotexnologiyasi, to’siqli madaniy yaylovlar yaratish, qo’y go’shti va qorako’lcha ishlab chiqarish xo’jaliklarida qari qo’ylarni bo’rdoqiga boqish texnologiyasi, artezian suvlari manbalarida va hosildorligi yaxshilangan yerlarda yem-xashak ishlab chiqarish texnologiyasi va boshqalar bo’yicha muhim ilmiy ishlanmalar bajarilgan. Qorako’l qo’ylarining 27 yuqori mahsuldor zavod tiplari, cho’l ozuqa o’simliklarining 15 navi yaratildi. Institut xodimlarining ilmiy ishlari, yutuqlari uchun 97 mualliflik guvohnomalari va patentlar olingan. Institut faoliyati V. M. Yudin, E.V. Odinsova, M.A.Koshevoy, A.M.Lisov, R.G.Valiev, M.D.Zokirov, R.M.Chalbash, Z.Sh.Shamsutdinov, I.B.Atakurbanov, S.Yu.Yusupov, M.Mahmudov va boshqa olimlarning nomlari bilan bog’liq. Institutning qorako’lchilikni rivojlantirishdagi katta ilmiy yutuqlari uchun olimlardan I.N.Dyachkov, V.I.Stoyanovskaya, F.Sharafiddinov, M.A.Koshevoy, P.A.Fadenchev va boshqalar. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo’lgan (1970). Institutda 62 ilmiy xodim, shu jumladan, 2 fan doktori, 32 fan nomzodi ishlaydi (2005). Ilmiy ishlar to’plamlari, ilmiy-amaliy anjumanlar materiallarini nashr etadi. Institut Xalqaro qurg’oqchilik mintaqalarida qishloq xo’jalik bo’yicha tadqiqotlar ilmiy markazi (Ik Arda), AQSh qishloq xo’jaligi departamenti, Rossiya chorvachilik, Rossiya ozuqa, Qozog’iston qorako’lchilik ilmiy tadqiqot institutlari bilan ilmiy hamkorlik qiladi. Sur’at Yusupov.