Qo’shilmaslik harakati

Qo’shilmaslik harakati – harbiy-siyosiy bloklar va guruhlarda qatnashmaslikni o’z tashqi siyosatining asosiy yo’li deb e’lon qilgan mamlakatlarni birlashtiruvchi harakat. 2-jahon urushidan keyin paydo bo’lgan va hozirda 100 dan ortiq davlatni birlashtiradi. Ushbu harakatda mustamlakachilik asoratidan ozod bo’lgan davlatlarning ko’pchiligi ishtirok etadi. Qo’shilmaslik harakatida qatnashuvchi davlatlar 1961 yilda «Qo’shilmaslikning besh tamoyili»ni e’lon qilganlar. Ular quyidagilardan iborat; turli tuzumdagi davlatlar bilan tinch-totuv yashash, qo’shilmaslik; xalklarning mustamlakachilarga qarshi qaratilgan milliy ozodlik harakatini qo’llab-quvvatlash; buyuk davlatlar o’rtasidagi nizolarga taalluqli harbiy ittifoqlarda qatnashmaslik; harbiy kelishuvlarda qatnashmaslik; o’z hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik. 1990-yillar boshigacha qo’shilmagan mamlakatlarning quyidagi konferentsiyalari bo’lib o’tgan: Belgrad (Yugoslaviya, 1961 yil sentabr; 25 davlat), Qohira (Misr, 1964 yil oktabr.; 47 davlat), Lusaka (Zambiya, 1970 yil sentabr; 54 davlat), Jazoir (1973 yil sentabr; 76 davlat), Kolombo (Shri Lanka, 1976 yil avgust; 86 davlat, shuningdek, 29 mamlakat, xalqaro tashkilot va milliy ozodlik harakatlari vakillari kuzatuvchi va mehmonlar sifatida ishtirok etgan), Gavana (Kuba, 1979 yil sentabr; 95 davlat va milliy ozodlik harakatlari, shuningdek, 39 mamlakat, xalqaro tashkilotlar va milliy ozodlik harakatlari vakillari kuzatuvchi va mehmonlar sifatida ishtirok etgan), Dehli (Hindiston, 1983 yil dekabr; 97 davlat va milliy ozodlik harakatlari, shuningdek, 41 mamlakat, xalqaro tashkilot va milliy ozodlik harakatlari vakillari kuzatuvchi va mehmonlar sifatida ishtirok etgan), Xarare (Zimbabve, 1986 yil avgust-sentabr; 100 davlat va milliy ozodlik harakatlari), Belgrad (Yugoslaviya, 1989 yil sentabr; 102 davlat), Jakarta (Indoneziya, 1992 yil sentabr; 108 davlat).