Qosimov Orif

Qosimov Orif (1909 – Toshkent — 2001.19.2) — sozanda (dutor), bastakor. O’zbekiston xalq artisti (1979). Bolaligidan Yunus Rajabiy rahbarligidagi musiqa to’garagida nay chalishni (1925), Toshkent musiqa texnikumida (1926 — 27) Abdusoat Vahobovdan an’anaviy dutor kuylarini va Shorahim Shoumarovdan mumtoz ashula yo’llarini o’rgangan. O’zbekiston radiosida milliy musiqa ansambli (1927-45), tojik ansambli (1945— 53), xalq cholg’ulari orkestri (1953 — 57), «maqom» ansambli (1957 yildan) da sozanda. Dastlab repertuaridan o’zbek xalq va mumtoz kuylari («Girya», «Chorgoh», «Eshvoy», «Ilg’or». «Qo’qoncha», «Askariy», «Qarinavo», «Dilxiroj» va boshqalar), maqom yo’llari («Tasnifi Dugoh», «Garduni Segoh». «Miskin 1-5», «Navro’zi Ajam» va boshqalar) hamda o’zi yaratgan kuylar («qizil karvon», «Yurish marshi», «raqsi duxtar», «reza- reza») o’rin olgan. keyinchalik, bevosita dutor imkoniyatlari bilan bog’liq «Yangra sozim». «Dildor o’ynasin», «Qizlar raqsi», «xumoringiz», «chert Dutorim» kabi asarlar yaratgan. Qosimov zamonaviy dutor ijrochiligi maktabi yirik vakili bo’lib, ijro uslubi nozik qochirimlarga boyligi. Zarblarning xilma-xilligi va ravonligi, ijro texnikasi mukammalligi bilan ajralib turadi. Sozandalik va bastakorlik ijodiyoti bilan birga Qosimov 1930 yildan boshlab murabbiylik bilan ham shug’ullangan. bir necha havaskorlik ansambllariga rahbarlik qilgan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998).