Qo’tir

Qo’tir — invazion teri kasalligi; qo’tir kanalar qo’zg’atadi. Qo’zg’atuvchilar odamga, asosan, bemordan yoki uning buyumlari (masalan, sochiq, kiyim-kechak, ko’rpa-to’shak) orqali o’tadi. Kasallik yuqqanidan 7-10 kun keyin Qo’tir alomatlari ko’zga tashlanadi. Qo’tir kanalari, asosan, terining yupqa va nozik joylarini teshib kiradi. Qo’l, oyoq barmoqlari orasidagi burmalar, qorin, bel va ko’krak qafasining ikki yon tomon terisi kasallanadi; shu soha terisida mayda qizg’ish tugunchalar paydo bo’lib, usti qoramtir-qizil po’st bilan qoplanadi yoki uchida pufakcha ko’rinib turadi; tugunchalar orasida teridan salgina bo’rtib chiqqan, bir necha mm uzunlikdagi to’g’ri yoki egri chiziqcha — kana yo’li hosil bo’ladi. bemor qattiq qichinadi, bu holat, ayniqsa, kechasi kuchayadi (qo’tir kanasi kechasi faollashadi). Qichinganda tirnalgan joylarga infektsiya tushishi natijasida Qo’tirda ko’pincha terining yiringli kasalliklari rivojlanishi ham mumkin. Terining yupqa va nozik qismida qichishish alomatlari paydo bo’lishi bilan darhol vrachga murojaat etish lozim. Qo’tirni davolash uchun vrach tavsiya etgan dori surtiladi, shu vaqt ichida cho’milish mumkin emas. 7-kuni cho’milib, kiyimlar almashtiriladi. Bemor boshqalardan alohida yotishi va o’ziga alohida sochiq tutishi lozim. U ishlatgan choyshab, ko’rpa, yostiq jildi, ich kiyimlarini yaxshilab qaynatish yoki lizol eritmasiga 1 soat botirib qo’yish kerak. Ustki kiyim-kechaklarni maxsus dezokamerada dezinfektsiya qilish, agar buning iloji bo’lmasa, 5 kungacha oftobga yoyish, sovuq kunlarda esa kun bo’yi yoyib qo’yish, issiq dazmol bilan dazmollash lozim. Bemor yotgan xona va jihozlarini nam latta bilan artib turish kerak. Qo’tirga o’z vaqtida davo qilinsa, bemor tezda sog’ayib ketadi. Qo’tirning oldini olishda shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish juda muhim.