Qo’tirbuloq makoni

Qo’tirbuloq makoni – 1) muste davriga oid qadimgi manzilgoh (miloddan avvalgi taxminan 33-ming yillik). Samarqand viloyati Kattaqo’rg’on shahridan 20 kilometr g’arbda, Charxin qishlog’i yaqinidagi Qo’tirbuloq nomli buloq atrofida joylashgan. Manzilgoh 1971 yilda Yu.F. Buryakov boshchiligidagi arxeologlar guruhi tomonidan aniqlangan. Dastlab 1971-90 yillar davomida manzilgohda N.X.Toshkenboyev arxeologik qazuv ishlarini olib bordi. Keyingi yillarda manzilgohda Q. Shimchak boshchiligidagi O’zbekiston-Polsha qo’shma ekspeditsiyasi ish olib borgan. Qo’tirbuloq makonida muste davriga oid 5 ta madaniy qatlam aniqlangan; chaqmoqtosh, diorit, kvarsit, kvars va daryo toshlaridan yasalgan qirg’ichlar, o’tkir uchli paykonlar, teshgichlar, 2 tomoniga ishlov berilgan bargsimon qurol, daryo toshlaridan yasalgan tosh qurollar topilgan. Manzilgoh sohiblari qurol yasash uchun xom ashyoni zirabuloq tog’lari va Zarafshon daryosi qirg’oqlaridan olganlar. Manzilgohdan, shuningdek, turli hayvon suyaklari ham topilgan. Bundan ko’rinadiki, qo’tirbuloqliklar xo’jalik hayotida ovchilik katta ahamiyat kasb etgan. Manzilgoh tosh qurollarini o’rganish Qo’tirbuloq madaniyatining paleolit davri manzilgohlari (Teshiktosh, Obirahmat va boshqalar) madaniyati bilan o’xshash ekanligini ko’rsatdi; 2) Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Sazag’on qishlog’ida joylashgan buloq. Sazag’onsoyning so’l qirg’og’ida tosh qo’rg’onlardan iborat nekropol mavjud; qabrlar ustiga 15-16-asrlarga oid qabrtoshlar qo’yilgan. Buloq yaqinida, shuningdek, ilk o’rta asrlarga oid Sartepa, ilk antik davrga mansub Boysaritepa bor. 2003-05 yillarda Boysaritepada O’zbekiston-Italiya arxeologiya ekspeditsiyasi ish olib borgan.