Qovoqdoshlar

Qovoqdoshlar — ikki urug’pallali o’simliklar oilasi. Bir yillik va ko’p yillik o’rmalabyoki ilashib o’suvchi, bir yoki ikki uyli o’simliklar. Bitta turkumi daraxtsimon. Barglari oddiy, navbatlashib o’rnashgan, ba’zan bo’laklarga bo’lingan yoki o’yilgan. Yonbargchalari bo’lmaydi. Gullari barg qo’ltig’ida bittadan yoki to’p bo’lib joylashadi, bir jinsli, ko’pincha tutash tojbargli. Mevasi rezavor yoki qovoq (tashqi qavati qattiq, dag’al, ichi etli sersuv, serurug’), 100 ga yaqin turkumi, 900 turi ko’pincha tropik va subtropiklarda o’sadi. Ko’p turlarining mevasi ovqatga ishlatiladi. Shu sababdan bir qancha turlari (bodring, qovun, qovoq, tarrak, tarvuz va boshqalar) hamma qit’alarda palakli ekin sifatida qadimdan ekiladi. Ayrim turlari (Abujahl tarvuzi, sirtan) dorivor, manzarali turlari (eshakbodring, pechakqovun va boshqalar) ham bor.