Qovoq

Qovoq — qovoqdoshlar oilasiga mansub bir va ko’p yillik o’simliklar turkumi, poliz ekini. 13 turi ma’lum. Vatani — Shimol va Janubiy Amerika. O’rta Osiyo, jumladan, O’zbekistonda qadimdan ekib kelingan. Tuproqqal’a arxeologik qazilmalarida topilgan qovoq qoldiqlari (miloddan avvalgi 7-8-asrlar) buni tasdiqlaydi. Qningyirik mevali Qovoq, muskatsimon Qovoq va qattiq po’stli Qovoq kabi 3 turi ko’p tarqalgan. Ildizi o’qildiz, uzunligi 2 metrga boradi. Poyasi yotib, chirmashib o’sadi. Barglari (turiga qarab) yirik, tukli, barg qo’ltig’ida jingalaklari bor. Guli ikki jinsli, yirik (mayda), sariq, chetdan changlanadi. Mevasi turli shakl va rangda, eti och sariqdan to’q sariqqacha. Mevasi tarkibida 15-18% quruq modda, 4-11% qand, askorbin kislota, karotin, tiamin, riboflavin, azotli birikmalar, 0,7% biriktiruvchi to’qima, 0,5% oqsil, 0,2% yog’, 0,6% kul moddasi, urug’ida 20-40% yog’ bor. Qovoq qaynatib, dimlab, qovurib iste’mol qilinadi, turli pishiriqlar, somsalar, nonlar, murabbo va sharbat tayyorlanadi. Xashaki Qovoq mollarga dag’al ozuqa bilan birga beriladi. 100 kilogramm mevasida 12 ozuqa birligi va 1 kilogramm hazm bo’ladigan protein bor. Yuqori haroratga va qurg’oqchilikka chidami past. Mevasi va urug’i ateroskleroz, oshqozon-ichak, buyrak, podafa kasalliklarini davolashda, gijjalarni tushiruvchi (urug’i) vosita sifatida ish- latiladi. Urug’i aprel oxiri — may boshlarida gektariga 4-6 kilogramm miqdorida ekiladi. 10-15° da unib chiqadi, 20-30° da normal rivojlanadi. Ekish sxemasi 2-2,5* 1 metr. O’suv davrida palak uchlari chilpiladi, qator oralariga ishlov beriladi, sug’oriladi. Navlariga qarab 110-140 kunda pishadi. Hosildorligi 200-450 ts/ga. Saqlashga va tashishga chidamliligi har xil. 1 tonna mevasidan 0,8— 12 tsentner urug’ olinadi. O’zbekistonda yirik mevali Qovoq turining ispan 73 (kartoshka Qovoq), muskatsimon Qovoq turining palov kadu 265, Qashqar 1644 (oyim Qovoq), non kadu navlari ko’p ekiladi va barcha viloyatlarda ekish uchun (Nonkadu faqat Samarqand viloyatida) rayonlashtirilgan. Shuningdek, xonadon xo’jaliklarida suvqovoq, nosqovoq, tomoshaqovoq kabi turlari ham yetishtiriladi. Kasalliklari: so’lish, oq palak va boshqalar. Zararkunandalari: poliz shirasi, poliz qo’ng’izi, tunlamlar. Ad.: Ashirov I.M., Tikvi Uzbekistana, T., 1979. Abdulaziz Abbosov.