Qovun pashshasi

Qovun pashshasi — tangaqanotlilar oilasiga mansub hasharot, qovoqdoshlarga mansub o’simliklar (qovun, tarvuz, bodring, qovoqvab.) zararkunandasi. O’rta dengiz atrofi, Osiyoda tarqalgan. Ichki karantin ob’yekti. Tanasining uzunligi 5-6 millimetr, och sariq, qanotlarida 3 ta sariq yo’li bor. Urg’ochilari tuxumlarini (120 tagacha) qovun gulbandlariga, o’simlik poyalariga kesaklar ostiga yakka-yakka qilib qo’yadi. 3-5 kun o’tgach, oqish rangli lichinkalar tuxumdan chiqib qovun xamaklarini teshib kiradi va urug’larini kemiradi. 10-15 kun qovun ichida yashagan katta yoshli lichinka qovunni teshib chiqib, tuproq tagida 5-7 santimetr chuqurlikda g’umbakka aylanadi. Qovun pashshasining lichinkalari teshgan qovunlarda uzun chuqur yo’llar paydo bo’ladi va ular chiriydi. Qovun pashshasi 2-3 (5) kilometr gacha uchib boradi, bundan tashqari, ular qovun mevalari bilan ham tarqaladi. 4-5 marta avlod beradi. Kurash choralari: zararlangan qovunlar va o’simlik qoldiqlari tezlikda yig’ib, ko’mib yuboriladi, yer kech kuzda chuqur haydaladi, qish oylarida sug’orib muzlatiladi. Ekishdan oldin urug’lar dorilanadi. Urug’lar unib chiqishi, gullashi va xamaklash davrida insektisidlar eritmalari purkaladi. Abdulaziz Abbosov.