«Qudratli to’da»

«Qudratli to’da», «yangi rus musiqa maktabi» — 1850-70 yillarda M.Balakirev, A.Borodin, Ts.Kyun, M.Musorgskiy, N.Rimskiy-Korsakov va boshqalarning hamkorligi natijasida yuzaga kelgan ijodiy yo’nalish, kompozitorlar uyushmasi. «Qudratli to’da» a’zolari musiqada xalqchillik, milliy uslub, g’oyaviylik uchun kurashgan, M.Glinka va A.Dargomijskiy an’analari hamda G’arbiy Yevropa san’ati yutuqlarini rivojlantirib opera, simfonik musiqa, qo’shiq va romans, kamer musiqa sohalarida samarali ijod qilishgan. Ular rus va boshqa xalq musiqa ijodi namunalaridan keng foydalanib, ularni qayta ishlagan, asarlariga kiritgan. Sharq mavzulariga murojaat qilib, musiqiy orientalizm sohasida ham jahonshumul asarlar yaratishgan (Borodinning «Knyaz Igor» operasi, «O’rta Osiyo» simfonik manzarasi, Rimskiykorsakovning «Shahrizoda» syuitasi va boshqalar). «Qudratli to’da» vakillari ijodi, ayniqsa, xalq kuylarini qayta ishlash sohasidagi yutuqlari rus va jahon musiqa san’ati (jumladan, O’zbekiston kompozitorlik maktabi shakllanishi)ga katta ta’sir ko’rsatdi.