Quyosh turishi

Quyosh turishi – Quyosh gardishi markazining ekliptikaning eng shimoliy yoki eng Janubiy nuqtasidan o’tish paytlari. Bu paytlarda Quyoshning og’ishlari mos ravishda — 23°27′ yoki +23°27′ bo’ladi. Quyosh turishi paytlariga yaqin kunlarda Quyosh ekvatorga deyarli parallel ko’rinma harakatlanadi, natijada Quyoshning tush paytidagi balandligi deyarli o’zgarmaydi. Tropik yil (365,2422 kun) bilan kalendar yil (365 yoki 366 kun) teng bo’lmaganligi sababli Quyosh turishi kalendar sutkaning boshlanishiga nisbatan turli vaqtlarga mos keladi, oddiy yillarda 5 soat 48 minut 46 sekund kechroq yoki kabisa yilida 18 soat 11 minut 14 sekund oldinroq kelishi mumkin. Hozirgi vaqtda yozgi Quyosh turishi nuqtasidan kalendar yilning 21 yoki 22 iyunida (astronomik yoz boshlanadi), qishki Quyosh turishi nuqtasidan 21 yoki 22 dekabrda (astronomik qish boshlanadi) o’tadi. Shimoliy yarim sharda yozgi Quyosh turishi nuqtasida bo’lganida, kunduzning davomiyligi eng uzoq, qishki Quyosh turishi nuqtasida bo’lganida eng kalta, Janubiy yarim sharda esa shu kunlari aksincha bo’ladi.