Qulbobo Ko’kaldosh

Qulbobo Ko’kaldosh, Amir Qulbobo, Muhibbiy (taxminan 1534-1598, Buxoro) — davlat arbobi va harbiy sarkarda. Otasi Iskandarxon va Abdullaxon II ning bosh Sadri bo’lgan. Iskandarxonning o’g’li Abdullaxon Ііning Ko’kaldosh (emishgan) inisi va yaqin kishilaridan biriga aylangan. Otasi vafot etgach (1581), Qulbobo Ko’kaldosh uning sadr lavozimini egallagan. Abdullaxon II Buxoro taxtiga o’tirgach, Qulbobo Ko’kaldosh saroyda nufuzli mansab — ko’kaltoshlikni egallagan, devoni mushrifiga rahbarlik qilgan va xonning ko’pgina harbiy safarlarida ishtirok etgan. Qulbobo Ko’kaldosh yirik sarkarda sifatida Qunduz va Badaxshondagi boshqa shaharlarni egallashga jonbozlik ko’rsatgan (1584). 1587 yildan Hirot viloyati noibi. Safaviylar davlati Xurosondagi Tun va Tabos shaharlarini bosib olish uchun hujum qilganida Qulbobo Ko’kaldosh va Dinmuhammad Sulton qizilboshlilarni mag’lubiyatga uchratgan (1592). Biroq Qulbobo Ko’kaldosh nufuzining ortib borishi va Hirotda noib bo’lib turishi Abdullaxon II bilan uning o’g’li Balx hokimi valiahd Abdulmo’minxon o’rtasidagi munosabatlar yomonlashuviga olib kelgan. Hofiz Tanish Buxoriy o’zining «Abdullanoma» asarida Qulbobo Ko’kaldoshni «Umdat ul-mulk» («podsholik tayanchi»), «nizomi saltanat», «Amir Nizomiddin» degan ta’riflar bilan ulug’laydi. Qulbobo Ko’kaldosh o’z davrining savodxon kishilaridan biri bo’lib, u shoirlar, olimlar va san’atkorlarni juda qadrlagan hamda ularga homiylik qilgan. O’zi ham shoirlikda nom chiqarib, «Muhibbiy» taxallusi bilan she’rlar yozgan. Uning Balxda juda boy kutubxonasi bo’lgan. U vazir va Amir sifatida o’zining shaxsiy mablag’i hisobidan Buxoro, Balx, Samarqand va Toshkentda 1551 — 75 yillarda 4 ta madrasa qurdirgan. Xususan, Balxning obodonchiligiga katta e’tibor qaratib, bu yerda jome’ masjidi va rabot ham qurdirgan. Abdullaxon II vafot etgach, uning o’g’li Abdulmo’minxon otasining yaqin kishilari qatorida Qulbobo Ko’kaldoshni ham qatl qildirgan (1598). Manba: Hofiz tanish al-Buxoriy, Abdullanoma, 1-2 kitoblar, T., 1999— 2000. Ad.: Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982.