Quyi bo’zsuv geslari kaskadi

Quyi bo’zsuv geslari kaskadi — Chirchiq—Bo’zsuv suv-energetika traktining quyi qismidagi GESlar majmui, unitar korxona. Kaskad Bo’zsuvning uzunligi 100 kilometr bo’lgan energetika traktida Zangiota, Yangiyo’l, Chinoz tumanlari hududida joylashgan. Umumiy quvvati 50,9 MVt bo’lgan 5(14-, 18-, 19-, 22-, 23-) GESdan iborat. GESlar Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyo’l, Chinoz tumanlaridagi sanoat korxonalarini va aholi ehtiyojlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga mo’ljallab qurilgan. Kaskaddagi birinchi qurilgan 14-GES Zangiota tumanida joylashgan. Qurilish 1943 yil Fevralda boshlanib 1944 yil dekabrda ishga tushirilgan, 10,7 MVt quvvatiga ega bo’lgan 1 agregat o’rnatilgan. 18-, 19-, 23-GESlar Yangiyo’l tumanida. 18-GESning umumiy quvvati 7,0 MVt bo’lib, har biri 2,34 MVt quvvatli 3 ta agregatga ega (2 agregati 1949 yilda, 3-agregati 1951 yilda ishga tushirilgan). 19-GES 1950 yilda ishga tushirilgan. Umumiy quvvati 11,2 MVt (5,6 MVt quvvatiga ega bo’lgan va Germaniyada ishlab chiqarilgan 2 ta agregat). 23-GES 1954 yilda ishga tushirilgan. O’rnatilgan quvvatlar 17,6 MVt (8,8 MVt quvvatli, Shvesiyaning «Noxab» firmasida ishlab chiqarilgan 2 ta turbinali agregat); 22-GES Chinoz tumanida joylashgan, quvvati 4,4 MVt (2,2 MVt quvvatga ega bo’lgan 2 agregat). 1954 yilda ishga tushirilgan. GESlar ishini boshqarishni markazlashtirish maqsadida 1955 yilda ular bir kaskadga biriktirilib, Quyi bo’zsuv geslari kaskadi tashkil etilgan. Uning tarkibidagi barcha GESlar 19-GESdan avtomatik boshqariladi. 2003 yilda kaskad stansiyalarida 233,7 million kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.