Quyi Dunay tekisligi

Quyi Dunay tekisligi, Ruminiya pasttekisligi — Ruminiya va Bolgariyaning shimoliy qismidagi tekislik. Shimolda Karpat tog’lari bilan janubda Bolgariya platosi oralig’ida. Uzunligi 560 kilometr, eni 40-120 kilometr. Yuzasi pleystosen allyuviy va lyosslari bilan qoplangan mezozoy va kaynozoy yotqiziqlari bilan to’lgan tektonik bukilmada joylashgan. Yer yuzasi o’r-qirli, Daryo vodiylari, yassi jar va jarliklar bilan kesilgan. Dunay daryosi deltasi va vodiysida katta hududlar botqoqliklardan iborat. Ko’l ko’p. Iqlimi mo’tadil, kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -1°, -3°, iyulniki 22-23°. Yillik yog’in 400-600 mm. Dunay daryosi vodiysida o’rmonlar saqlangan. Quyi Dunay tekisligining katta qismidan qishloq xo’jaligida foydalaniladi. Ruminiya poytaxti Buxarest shahri joylashgan.