Qumg’on

Qumg’on — choy idish; ichi qalay bilan oqartirib misdan yasalgan dastali, qopqoqli (ba’zan qopqoqsiz), jo’mrakli idish. Suv ichish, choy qaynatish uchun ishlatiladi. Og’zi (bo’yni) keng, jo’mragi qisqa (ba’zan yo’q), qorni katta (ovalsimon); og’zi-bo’yni kattaligi bilan obdastadan farq qiladi. Kandakori o’yma naqshlar bilan bezatiladi. Qadimdan sopol Qumg’on keng tarqalgan, keyinchalik misdan bolg’alab ishlangan. Sanoat rivojlanishi bilan quyib, temirdan ishlab, ustidan sirlab tayyorlana boshlangan. Hajmiga ko’ra katta Qumg’on (4-5 l suv sig’adi), o’rta Qumg’on (2-3 l), Qumg’oncha (1-1,5 l) deb nomlangan. Sharq mamlakatlari, Kavkaz va O’rta Osiyoda keng tarqalgan. Qumg’onning jozibador qilib bezatilgan namunalari respublika muzeylari va xususiy to’plamlarda saqlanadi.