Qunduzcha jangi

Qunduzcha jangi – Amir Temur qo’shinlari bilan Oltin O’rda xoni To’xtamish qo’shini o’rtasida hoz. samara bilan Chistopol shaharlari oralig’ida, Volga daryosining Sharqiy sohilida joylashgan Qunduzcha (hozirgi Kondurcha) mavzeida sodir bo’lgan jang (1391.18.6); o’rta asrlardagi eng yirik janglardan biri. Sohibqironning Eron, Zakavkazedagi mavqei ortib borayotganini g’arazgo’ylik bilan kuzatayotgan To’xtamish Amir Temurga qarshi Misr bilan ittifoq tuzishni rejalashtirgan. U Sohibqironning Erondaligidan foydalanib, hatto Movarounnahrga ham bosqinlar uyushtiradi. Amir Temur To’xtamishxonning g’animlik harakatlariga chek qo’yish maqsadida 1391 yil unga qarshi yurishga jazm etadi va umumiy safarbarlik e’lon qiladi. 200 ming kishilik qo’shin O’tror tomon yo’l oladi. Qozog’istondagi Ulug’tog’qoyalarida Sohibqironning bu yurish haqida yozib qoldirgan xotira yozuvi saqlangan. Unda jumladan shunday deyilgan: «Tarix egti yuz to’qson uchta, qo’y yil yozning ora oy Turonning sultoni Temurbek 200 ming cherik bila Islom uchun To’xtamishxonni(ng) xonig’a yo’ridi. Bu yerga etib, belgu bo’lsun teb bu yo’bani ko’pardi. Tangri nisfat bergay, inshaolloh, Tangri el kishiga rahmat qilg’ay, bizni duo bila yod qilg’ay». Sharafuddin Ash Yazdiynnng yozishicha, To’xtamishxon qo’shini Amir Temurnikidan ancha ko’p bo’lgan. Qunduzcha jangida har ikki tomondan 500 mingga yaqin jangchi ishtirok etgan. Amir Temur qo’shinni an’anaviy tartib — markaz, so’l va o’ng qanot holidan o’zgacha tartibda tuzishga ahd qiladi va jangovar tartibning yangi usulini qo’llaydi, qo’shin 7 qo’lga taqsim etiladi. Markazdagi qo’lga amalda Amir Sulaymonshoh qo’mondon bo’lgan. Uning ortidan Muhammad Sulton bosh bo’lgan qo’l joylashgan, bu qo’l ketidan Sohibqiron qo’l ostida bo’lgan 20 qo’shin (bo’luk) zaxiradagi qism sifatida borgan. Barong’arga Mironshoh Mirzo, Qunbul (qanot)ga Amir Xoji Sayfuddin barlos, juvong’arga Umarshayx Mirzo, unga Qunbul sifatida Amir Berdibek, Saribug’o qo’llari joylashgan. O’g’ruq va zaxira qismlarga qo’mondonlikni Amir Temur o’z zimmasiga olgan. Uning maqomi markaz ortida bo’lib, kim yordamga muhtoj bo’lsa o’shanga ko’mak yuborishga tayyor turgan. Keyinchalik ma’lum bo’lishicha jang taqdirini ushbu harbiy qism hal etgan. To’xtamishxon qo’shinini 5 qo’lga taqsimlab, ularga Jo’ji xonadoniga mansub shahzodalar hamda eng oliy darajadagi amirlarni qo’mondon qilib tayinlaydi. Ikki tomon qo’shini bir-birini ko’ra oladigan masofaga kelganda Amir Temur dushman ko’z o’ngida o’tov, chodirlar o’rnatishni, gilamlar yozishni buyuradi. Bunday namoyishkorona sovuqqonlik dushman ruhiyatiga salbiy ta’sir etib, uni esankiratib qo’yishi lozim edi. Jang kuni erta tongda (18 iyun) Sohibqiron qo’shini ko’z o’ngida otdan tushib Allohdan madad tilab ikki rakaat namoz o’qigan. Bayroq va tug’larni ko’targan qo’shin nog’ora chalib, suron aytib, ulkan jang karnaylari sadolari ostida jangni boshlaydilar. Umarshayx qo’mondonligi ostidagi so’l qanot To’xtamish tomonidan berilgan zarba natijasida mushqul ahvolda qoladi, raqib qo’shini so’l qanotni yorib o’tib orqa to- mondan hujum uyushtirishga erishadi. Amir Temur bu paytda qipchoqlarning asosiy qismini ta’qib etmoqda edi, lekin u zaxiradagi qism bilan o’zining so’l qanotiga yordamga keladi va dushman uloqtirib tashlanadi. Shundan so’ng To’xtamish asosiy zarbani Shayx Temur Sulduz rahbarligidagi qismlarga qaratadi va uning favjini yakson etib o’rtani yorib chiqadi, lekin qarshisidan Umarshayx Mirzo qo’shini chiqib muhorabaga kirishadi. Shu tariqa Hoji Sayfuddin barlos boshchiligidagi qanot qo’shinlari g’animning juvang’ariga hujum qilishi boshlanadi, bu hujum dushman juvang’ari qarshiligini sindiradi. To’xtamish Hoji Sayfuddinga qarshi quch tashlaydi, biroq ularga qarshi Amir Jahonshoh qismi tashlanadi. Shayx Temur Sulduz qatorlarining yorib o’tilishi ham to’xtatilgan. Ibn Arabshohning yozishicha, To’xtamish qo’shinining bir qismi ikki lashkarboshi o’rtasida chiqqan nizo tufayli jang maydonidan qochgan. Qunduzcha jangi Sohibqiron foydasiga hal bo’lgan. To’xtamish qochgan, uning ketidan amirlar, sarkardalar va qolgan-qutgan qo’shini ham ergashgan. Sohibqiron nihoyat otdan tushib Allohga hamdu sano aytgan. Amir Temur har o’n otlikdan yettitasini dushmanni ta’qib etishga jo’natgan. Volga daryosigacha ta’qib etilgan Oltin Urda jangchilari o’ldirilgan yoxud asir olingan. Bir oyga yaqin dam olgan Sohib-qiron katta o’lja bilan Movarounnahrga qaytgan. Ad.: Sharafuddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1997; Ibn Arabshoh, Amir Temur tarixi, T., 1992; Dadaboyev H., Amir Temurning harbiy mahorati, T., 1996. Faxriddin Hasanov.