Qurg’oqchilik

Qurg’oqchilik – bug’lanish yog’indan ortiq bo’lgan sharoitlarda kechadigan uzoq davomli ob-havo. Bunday sharoitda tuproqdagi suv zaxirasi tez sarflanib ketadi, bu esa qishloq xo’jalik ekinlari hamda yaylov o’simliklarining rivojlanishi va mahsuldorligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Tekislik hududlardagi q.ning umumiy darajasi gidrotermik koeffisient (GTK) bilan aniqlanadi. GTK vegetatsiya davridagi yog’in miqdorini huddi shu davrdagi temperatura yig’indisining 10 marta kamaytirilgan miqdoriga nisbati bilan ifodalanadi (G.T.Selyaninov). Sug’orma dehqonchilik zonalarida GTK qiymatlari vegetasiya davrida yog’inlar kam bo’lgan hududlarda 0,06—0,15 dan tog’oldi zonalarida 0,3—0,4 gacha o’zgarib turadi. Balandlik oshishi bilan Qurg’oqchilik ta’siri sustlashadi, GTKning qiymati esa 0,7 ga qadar ko’tariladi. Qurg’oqchilik tuproqdagi fiziologik o’zlashtiriladigan namlik yo’qligini xarakterlovchi tuproq Qurg’oqchiliki hamda transpiratsiya va bug’lanish miqdori oshib ketganligini ifodalaydigan havo Qurg’oqchilikiga bo’linadi. Tuproq Qurg’oqchiliki O’rta Osiyoda deyarli har yili takrorlanib turadigan oddiy hol hisoblanadi. Uning boshlanishi O’rta Osiyoning dengiz yuzasidan 200— 250 metr balandlikkacha bo’lgan hududlarida aprelning 1dekadasiga, 300-400 metr balandlikkacha bo’lgan hududlarda mayning dastlabki kunlariga to’g’ri keladi. Havo Qurg’oqchiliki o’simliklarga yuqori temperatuada va past nisbiy havo namligining birgalikda ta’sir qilishi bilan tavsiflanadi. Sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalarida havo Qurg’oqchiliki kuzatiladigan kunlar, odatda, 10-30 kun orasida o’zgarib turadi, gohida 50 va undan ham ortiqroq kunga yetadi. Qurg’oqchilik qishloq xo’jaligiga, ayniqsa, lalmikor yerlarda katta zarar keltiradi. Aksariyat hollarda Qurg’oqchilik garmsel bilan birga yuz beradi. Sug’oriladigan maydonlarda rivojlangan sug’orish sistemalarining mavjudligi, shuningdek dala ihota o’rmonlari barpo etish, Qurg’oqchilikka chidamli navlarni ekish, o’simlik hamda daraxtlarning borligi Qurg’oqchilikning zararli ta’sirini kamaytiradi. Mirzacho’lning o’zlashtirilishi bunga yaxshi misol bo’la oladi; bu erda keng sug’orish tarmoqlari barpo etilib, yirik paxtachilik xo’jaliklari tashkil topgandan keyin yiliga Qurg’oqchilik kuzatiladigan kunlar soni 2 baravar kamaydi (27 o’rniga 13 kun). Hamidulla Abdullayev.