Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy

Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy, Abu Hafs (660-715, Andijon viloyati Jalolquduq tumani, Kox qishlog’i) — Umaviylarning Xurosondagi noibi (705-715), Movarounnahrni bosib olgan Arab sarkardasi. Qutayba ibn Muslim Qays (qaysit) nomli shimoliy Arab qabilasiga mansub bo’lgan. Hajjoj ibn Yusuf tomonidan Xuroson amiri (noibi) qilib tayinlangach (705), dastlab Xuroson va Toxaristonni to’la ravishda arablarga bo’ysundirdi. So’ngra u 706— 715 yillar orasida Movarounnahrning katta qismini (Romitan va Poykendni, 707; Varaxsha, Vardona va Buxoroni, 709; Shuman, Kesh va Nasafni, 710; Xorazm va Samarqandni, 712; Shosh, Farg’ona va Qoshg’arni, 713-715 yillarda) Arab xalifaligiga tobe etgan. Qutayba ibn Muslim qo’shiniga Buxoro va Samarqanddagi sug’diylar va turkiylar, xususan, Vardona mulkining hukmdori Vardonxudot qattiq qarshilik ko’rsatgan. Qutayba ibn Muslim tomonidan mahalliy aholini Islom diniga kiritish dastlab qattiq qarshilikka uchragan. Masalan, u to’rtinchi marta jang qilib Buxoroni olgach, arablar buxoroliklar bilan birga turib, ularning xatti-harakatlaridan xabardor bo’lib tursalar buxoroliklar zaruratdan musulmon bo’ladi degan maqsadda Buxoro aholisiga o’z uylarining yarmini arablarga berishga undab buyruq chiqardi. Qutayba ibn Muslim shu yo’l bilan Buxoro va boshqa shaharlarda musulmonchilikni o’rnatdi. U Movarounnahrda dastlabki Jome’ masjidini Buxoroda qurdirdi (712-713). Qutayba ibn Muslim boshqa shaharlarda ham masjidlar qurdirib, zardushtiylik va buddaviylikka qarshi ayovsiz kurashdi. Beruniynning «qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida keltirilishicha, «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o’rgangan va bilimini boshqalarga o’rgatadigan kishilarni halok etib, butkul yo’q qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) Islom davridan keyin haqiqatni bilib bo’lmaydigan darajada yashirin qoldi». Qutayba ibn Muslimning yangi xalifa Sulaymon (hukmronlik davri: 715-717) ga bo’ysunmasligi, Movarounnahrdagi Arab qo’shinlari o’rtasida unga nisbatan norozilik paydo bo’lishi va isyon ko’tarilishiga olib keldi. Arablarning Shaybon qabilasiga mansub Hayyon an-Nabatiy (uning 7 ming kishilik qo’shini bo’lgan) va Tamim (Tamimiy) qabilasi vakili vaqi ibn Abu sud boshchiligidagi isyonchilar Qutayba ibn Muslimning chodiriga bostirib kirib, u bilan birgalikda Abdurrahmon, Abdulloh, Solih, Husayn, Abdulkarim nomli ukalarini, o’g’li kasir ibn Qutayba va jiyanlarini (jami 11 erkakni) o’ldirishgan. Qutayba ibn Muslim Kox qishlog’idagi Raboti Sarxang (hozirgi Mozorbuva) qabristonida dafn etilgan. Uning shaxsi ilk o’rta asrlardan boshlab Movarounnahrda Islom ulamolari tomonidan muqaddaslashtirilgan. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Beruniy, qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar, t. 1, T., 1968; istoriya at-tabari, T., 1987. Qahramon Rajabov.