Qurolli kuchlar ansambli

Qurolli kuchlar ansambli, O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli — respublikada harbiy xizmatchilardan tuzilgan yetakchi ansambl. 1939 yil Toshkentda Turkiston harbiy okrugi ashula va raqs ansambli nomi bilan tashkil topgan. 1992 yildan hozirgi nomda. 2-jahon urushi davrida ansambl harbiy qismlarda, gospitallarda, Zakavkaze frontida, Eronda kontsertlar bergan (1941-43). Hozirgi repertuaridan xalq kuy va qo’shiqlari, O’zbekiston bastakor va kompozitorlari (P.Makarov, A.Nazarov, Hab. Rahimov, R. Abdullayev, Sh.Dadajonov va boshqalar)ning harbiy-vatanparvarlik, qahramonlik mavzuidagi («ona yurt», A.Nazarov; «Jon Vatan», Sh.Dadajonov; «har bahor, har kuzda», K.Rahmatov va boshqalar), lirik («Rayhon», «Kuygan ko’ngil», «Xayr yorim»), raqs qo’shiqlari (xorazmcha «nega gerag» va boshqalar), vokal-raqs kompozitsiyalari (o’zbek mumtoz ashulalaridan iborat «guldasta», turli xalqlar qo’shiqlaridan iborat «terma» va boshqalar) o’rin olgan. Xonanda, sozanda va raqqos(a)lar guruhlari (jami 70 kishi)dan iborat. Hozirda boshlig’i va badiiy rahbari — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, bastakor Sh.Dadajonov, bosh baletmeysteri — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, Qoraqalpog’iston xalq artisti Z.Madrahimova, xormeyster — O. Komiljonov, musiqa rahbari — F.Azimov, rejissyor — Turkmanistonda xizmat ko’rsatgan artist A.Goloshchapov. Ansamblda xonandalar: O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist M. Hakimov, Qoraqalpog’istonda xizmat ko’rsatgan artist K.Rahmatov, O.Nazarbekov, I.Iskandarova, I. Saidumarov, Z.Bobojonv, raqqosalar: Sh. Najmiddinova, Z.Shamshixonova va boshqalar faoliyat ko’rsatmoqda. Jamoa Pokiston, Afg’oniston, AQSh, Germaniya, Italiyada gastrolda bo’lgan.