Quva tumani
Quva tumani — Farg’ona viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Janubi-g’arbdan Farg’ona, shimoli- G’arb va g’arbdan Toshloq tumanlari, shimol va sharqdan Andijon viloyatining bo’z, Shahrixon, Asaka, marhamat tumanlari, Janub-Sharq va Janubdan Qirg’izistonning O’sh viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 0,44 ming km2. Aholisi 187,5 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Quva), 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Akbarobod, Baynalminal, Bahor, Dehqonobod, Ittifoq, Madaniyat, Namuna, Toshlon Muhitdinov, Turkravot, Yangiqishloq, Yangihayot) bor. Markazi — Quva shahri. Tabiati. Yer yuzasi adir va adir oldi tekisliklaridan iborat. Janubdan shimolga pasayib boradi. Iqlimi kontinental; qishi yumshoq, yozi issiq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2,5° dan -3,2° gacha, iyulniki 27-29°, eng past temperatura -26°, eng yuqori temperatura 42°. Yillik yog’in 170-230 mm. Vegetatsiya davri 210-220 kun. Sovuqsiz kunlar 204 kun davom etadi. Tuproqlari bo’z, o’tloqi-bo’z, o’tloqi va tog’-o’tloqi tuproqlar. Hududining ko’p qismi o’zlashtirilgan, yovvoyi o’simlik kam saqlangan. Tumanning sug’oriladigan qismida ajriq, sho’ra, terak, tol, jiyda va boshqalar; adirlarda qo’ng’irbosh, rang, qatron, betaga, chalov, shuvoq va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, quyon, jayra, toshbaqa; qushlardan bedana, kaklik, kaptar, qarg’a, qaldirg’och va boshqalar, suvlarda har xil baliqlar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, qirg’iz va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 426 kishi. Xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Kichik korxona, mikrofirma va boshqa korxonalar mavjud. sanoat korxonalaridan paxta tozalash zavodi, don mahsulotlari kombinati, avtokorxona «Issiqnon» korxonasi, mebel kombinati, mevani qayta ishlash korxonasi, qandolatchilik fabrikasi, to’qimachilik korxonalari ishlab turibdi. Savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari aholiga xizmat ko’rsatadi. 3 qo’shma korxona bor. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — paxtachilik, g’allachilik. Shirkat, fermer xo’jaliklari bor. Tuman xo’jaliklari Oxunboboev nomidagi kanal, Janubiy Farg’ona kanali tarmoqlaridan va Karkidon suv ombori, shuningdek, shimoliy qismi U. Yusupov nomidagi katta Farg’ona kanalida 29,7 ming qoramol. 34,8 mingdan ziyod qo’y va echki, 48,2 mingdan ortiq parranda, 417 yilqi boqiladi. Pillachilik bilan ham shug’ullaniladi. 67 umumiy ta’lim, bolalar musiqa maktablari, 3 litsey, 3 gimnaziya, 2 kasb-hunar kolleji, klub muassasalari, madaniyat uyi, 70 ga yaqin kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Tuman hududidan Farg’ona vodiysining aylanma temir yo’l, shuningdek, Quva shahri orqali Farg’ona — Andijon, Andijon — Marg’ilon — Qo’qon va boshqa avtomobil yo’llari o’tgan. Hamroxon Xatamova.