Rafiqov Muhammad Muhiddinovich

Rafiqov Muhammad Muhiddinovich (1940.26.10, Buxoro) — aktyor, rejissyor. O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (2003). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1966). 1966— 67 yillar Hamza teatrida, 1967-83 yillar Buxoro teatrida aktyor (1981-83 yillar direktor), 1983 yildan Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining bosh rejissyori. Hamlet (U. Shekspir, «Xamlet»), Temirxon («Nerkes»), Xlestakov («Revizor»), Yo’ldosh («qopqon»), Ibn Sino («Ibn Sino»), Shoh Bahrom («Dilorom»), Nodir («Oltin devor»), Karimov («komissiya») kabi rollari bilan tanilgan. U bir qancha filmlar (Hojir, «Rustam va Suqrob»; Vali, «Siyovush haqida qissa»; Akrom, «Laylak keldi, yoz bo’ldi»; Usmonbek qo’rboshi, «afsonaga aylangan qiz» va boshqalar) va telefilmlar Shayboniyxon, «Bobur»; Akbarali mingboshi, «kecha va kunduz»; Imom Buxoriy, «Imom al-Buxoriy»; Amir Temur, «Sohibqiron»; Abdurahmon tabib, «Shaytanat»; Ibn Sino, «Hakim va ajal»)da ham esda qolarli obrazlar yaratgan. Rafiqov inson ichki dunyosini, kechinmalarini hayotiy talqin etishi bilan ajralib turadi.