Rubka nima?

Har qanday dengiz kemasining bosh palubasidagi usti yopiq inshoot rubka deb ataladi. Lekin bunday inshootlar suv ustidagi kemalarda bor. Suv osti kemalarida ham bo’ladimi? Qizig’i shundaki, ularda ham rubka bor. Axir suv osti kemalari ham tez-tez suv ustiga qalqib chiqib turadi-ku?! Shunday kezlarda ular odatdagi kemalarning yashash usuliga o’tadi. Shu sababli, rubkasiz, ya’ni kemaning suyri gavdasi ustida o’rnatilgan minorasiz ish bitmaydi. Kema suvdan yuzaga qalqib chiqarkan, rubkada albatta, ofitser bo’ladi, u o’z boshchiligidagi matroslar bilan vaxtaga (navbatchilikka) chiqadi. Periskoplar yordamida dushman kemalari harakatini va chetdan tayyora va vertolyotlar uchib kelib xavf tug’dirmayaptimi, deb osmondagi vaziyatni kuzatadi. Kema yana suvga sho’ng’iydigan paytda navbatchi qism minorani tark etadi va o’z ortidagi lyukni yopadi. Shundan keyingina kema suv qa’riga chuqurlashadi.