SHO’RABASHOT

SHO’RABASHOT — Farg’ona vodiysidagi dehqonchilik bilan shug’ullangan qadimiy aholi yashaydigan shahar xarobasi (miloddan avvalgi 4-1-asrlar). Yodgorlik Qirg’iziston Respublikasining O’zgan shahridan 8 kilometr shimoliy g’arbda joylashgan. Maydoni 70 gektar. Sho’rabashot 3 qismdan iborat: Ark, aholi yashaydigan asosiy qism va molqo’y saqlanadigan va atrof hudud aholisi uchun notinchlik paytida yashirinadigan panagoh. Har bir qism alohida mudofaa devorlari bilan o’ralgan. Qadimgi aholi sug’orma dehqonchilik (uzum va beda yetishtirish) va chorvachilik (yilqichilik) bilan shug’ullangan. Manbalarning xabar berishicha, xitoylar ayrim qishloq xo’jalik ekinlari (beda, uzum)ni shu yerdan olib ketib o’zlashtirib olganlar. Sho’rabashot dan uy-ro’zg’or buyumlaridan tashqari ayollar taqinchoqlari (uzuk va munchoqlar) hamda Surmatosh bo’yog’i topilgan. Eng diqqatga sazovori terrakotadan yasalgan odamlar yuz qismi haykalidir. Haykallarning yuz qismi yalpoq va ko’zlari qisiq. Bu tasvirlar antik davr Farg’ona aholisi to’g’risida birinchi ashyoviy hujjatdir. Bu shahar xarobasi qadimiy Farg’onada hukm surgan Davan podsholigi davriga to’g’ri keladi. Yozma manbalarda bu shahar Yu (Yuchen) shahri deb tilga olinadi. Aynan, bu shahar aholisi Farg’ona vodiysiga yurish qilgan xitoylarga juda qattiq qarshilik qo’rsatgani haqida ma’lumotlar bor. Sho’rabashot Farg’ona vodiysida dehqonchilik madaniyatini o’rganishda katta ahamiyatga ega yodgorlikdir. Ad.: Zadneprovskiy Yu.A., Drevnezemledelcheskaya kultura Fergann, M.—L., 1962.