TABIIY GEOGRAFIK MINTAQALAR

TABIIY GEOGRAFIK MINTAQALAR — geografik qobiqning eng yirik zonal tabiiy geografik bo’limi. Har bir Tabiiy geografik mintaqalar issiqlik va namlikning alohida rejimi, havo massalari, ularning tsirkulyasiyasi, biogeokimyoviy va geomorfologik jarayonlarning ketma-ketligi, o’simliklarning vegetasiya davri, xayvonlar migratsiyasi, moddalarning aylanma harakati va boshqa xususiyatlari bilan farq qiladi. Iqlim omillari, asosan, issiklik va namlikka bog’liq ravishda har bir Tabiiy geografik mintaqalar ichida tabiiy geografik zonalar ajratiladi. Mintakalar ekvatordan qutblarga va tog’ etaklaridan cho’qqilarga tomon, shuningdek, past atmosfera bosimli statsionar seryog’in oblastlardan arid landshaftli, obhavoning antisiklon holatdagi yuqori bosimli oblastlari tomon o’zgarib boradi. Quruqlikda 1 ekvatorial va 2 tadan subekvatorial, tropik, subtropik, mo’tadil, subqutbiy (subarktika va subantarktika), qutbiy (Arktika va Antarktika) mintaqalar ajratiladi. Quruqlikdagi Tabiiy geografik mintaqalarga o’xshash mintaqalar Dunyo okeanida ham kuzatiladi. Ularning joylashgan o’rni radiasiya balansi oqibatida kelib chiqadigan issiqlik, bug’lanish, bulutlilik, suvning sho’rligi va zichligi bilan, esadigan shamollar va dengiz oqimlari, suvning vertikal tsirkulyasiyasi, tarkibidagi kislorod, plankton va organizmlar miqdori bilan belgilanadi. Odatda, bu sharoitlar kengliklar bo’yicha astasekin o’zgaradi, dengiz oqimlari esa Koriolis kuchiga muvofiq tarzda o’z mintaqa chegarasidan chiqib boshqa mintaqa xususiyatlariga ham sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun, okeanlarning geografik mintaqalarini belgilashda asosiy suv massalarining konvergentsiya chizig’i, qutbiy o’lkalarga yaqin oblastlardagi ko’p yillik va mavsumiy muzlar va shu kabi tabiiy chegaralar muhim ahamiyatga ega.