TABIIY GEOGRAFIYA

TABIIY GEOGRAFIYA – yerning geografik qobig’i tabiiy tarkibi va uning strukturaviy qismlari: barcha darajadagi tabiiy hududiy majmualarini (shuningdek, suv havzalarini ham) o’rganuvchi fan; tabiatshunoslik fanlarining muhim tarmoqlaridan biri. Tabiiy geografik majmualarning makon va zamonda ob’yektiv mavjudligini e’tirof etish Tabiiy geografiyani eng muhim metodologik tamoyillaridan biri. Geografik qobiqning murakkab tuzilishi va xususiyatlari uni har tomonlama tadbiq qilishni, ya’ni bir butun hamda alohida komponentlar bo’yicha ham va undagi katta-kichik tabiiy geografik majmualar bo’yicha ham tadqiq qilishni taqozo etadi. Bu, o’z navbatida, Tabiiy geografiyaning tarmoqlanishiga olib keladi. Hozirgi kunda Tabiiy geografiyaning quyidagi asosiy tarmoklari mavjud: umumiy yer bilimi, regional geografiya, landshaftshunoslik, paleogeografiya, xususiy geografiya (iqlimshunoslik, geomorfologiya, biogeografiya va hokazolar). Tarixi. Dastlabki geografik tasavvurlar yunon olimlari Fales (miloddan avvalgi 625-547 yillar), Anaksimandr (miloddan avvalgi 610-347 yillar), Miletlik Gekatey (miloddan avvalgi 546-480 yillar), Gerodot (miloddan avvalgi 486-425 yillar), Platon (miloddan avvalgi 427— 347 yillar), Aristotel (miloddan avvalgi 384— 322 yillar)ning tabiat falsafasi yoki tarixga oid asarlarida uchraydi. «Geografiya» nomli birinchi ilmiy asar Eratosfen (276-194 yillar) tomonidan yaratilgan. Bu asar o’z davrigacha to’plangan geografik ma’lumotlarni tartib bilan taxlil qilishning eng dastlabki namunasi bo’lgan. Yunon olimlarining asarlarida hoz. vaqtda ham mavjud bo’lgan matematik geografiya, mamlakatshunoslik, rayonlashtirish va tasviriy geografiya kabi yo’nalishlarga asos solingan edi. Geografik xaritalarning ilk namunalari ham ular tomonidan yaratilgan. Ilm-fan, ma’rifat va madaniyat, shuningdek, Osiyoda, ya’ni g’arbda O’rta dengiz bo’ylaridan, Sharqda Xitoy chegarasigacha, shimolda Orol dengizi kengliklaridan Janubda Arabiston dengizi qirg’oqlarigacha bo’lgan hududlarni o’z ichiga olgan Sharq olamida rivojlana boshladi. Bu davrda, ayniqsa, 9— 11-asrlarda fan va madaniyat tez sur’atlarda rivojlandi, yuzlab ilm-fan namoyandalari, olimlar yetishib chiqdi. Ulardan Movarounnahr va Xuroson olimlari etakchi o’rinlarni egallagan. O’sha davrda yashab, ijod qilgan va jahon fanida o’chmas iz qoldirgan Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg’oniy, Jayhoniy, Abu Zayd va Abu Ma’shar Ja’farlar, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg’ariy kabilar shunday olimlardan. Ular Yer meridiani uzunligini aniqlash, joylarning geografik koordinatalari jadvallarini tuzish, geofafik xaritalar tuzish, ayrim geografik hodisa va jarayonlarning sabablarini izohlash, turli mamlakatlar tabiatini tasvirlab yozish ishlarini davom ettirdilar. Ko’pgina tarixiy-geografik va astronomik-geofizik asarlar yoziddi. O’rta asrlardagi Sharq olimlarining geografik merosi I.Yu.Krachkovskip, G’.Hasanovlar tomonidan tahlil qilingan. Tabiiy geografiyaning rivojlanishi tarixida 15— 16-asrlarda Yevropadagi Uyg’onish davri bilan bog’liq bo’lgan Buyuk geografik kashfiyotlar muhim ahamiyatga ega bo’ldi. O’sha vaqtda yangi erlarning yevropaliklar uchun ma’lum bo’lishi tabiatshunoslikning, shu jumladan, Tabiiy geografiyaning taraqqiyoti uchun ham turtki bo’ldi. Insonlarning geografik tasavvur doirasi ancha kengaydi. O’sha davrda Movarounnahrda Hofizi Abro’, G’iyosiddin Naqqosh, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirzo Ulug’bek, Bobur, Muhammad Haydar Mirzo kabilar o’z asarlari bilan tasviriy geografiyaning rivojiga munosib hissa qo’shdilar. Tabiiy geografiyaning tarixidagi yana bir muhim bosqich 19-asrning 1-yarmidan 20-asrning 60-yillarigacha davom etib, yangi ilmiy Tabiiy geografiyaning shakllanishi bilan tavsiflanadi. Bu davrning boshlanishi nemis tabiatshunosi A. Gumboldt asarlariga borib taqaladi. Uning buyuk xizmati tabiat komponentlari orasidagi o’zaro aloqadorlikning taxlili geografiya fani uchun qanday ahamiyatga ega ekanligini ochib berishda edi. Tabiiy geografiyadagi bu g’oya keyinchalik V. Dokuchaev, L.S.Berg, A. Grigorev, S.V.Kalesnik va boshqalar tomonidan rivojlantirildi. Natijada Yerning geografik qobig’i, tabiiy geografik kompleks va landshaft haqidagi ta’limotlar yuzaga keldi. Bir qancha tabiiy geografik qonuniyatlar aniqlandi, yangi izlanish metodlari yaratildi, ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirildi. Joylarning tabiiy sharoiti va tabiiy boyliklarini o’rganish ishlari jadallashdi. Sharqiy Yevropa tekisligi, Kavkaz, O’rta Osiyo, Sibir va uzoq Sharq regionlarining tabiati va tabiiy resurslari haqida yirik ilmiy asarlar yuzaga keldi. Shular qatorida O’rta Osiyoda izlanishlar olib borgan tabiatshunos olimlar N.A.Dimo, R.I. Abolin, D. N. Kashkarov, E.P.Korovin, KZ.Zokirov, I.A.Raykova, N.L.Korjenevskiy, V.M.Chetirkinlarning ishlari ahamiyatli bo’ldi. 20-asrning o’rtalaridan boshlab Tabiiy geografiya tadqiqotlarining, geografik muassasa va ilmiy markazlarning ko’lami yanada ortdi. Geograflar soni ham oshdi, yangi-yangi ilmiy yo’nalishlar shakllandi. Jumladan, geofizika, geokimyo, ekologik yo’nalishlar rivojlandi. Yangi ilmiy tushunchalar (geografik fazo, yerning landshaft qobig’i, landshaftlar morfologiyasi, antropogen landshaft va hokazolar) hamda geografik qonuniyatlar (landshaft qobig’ining mozaikligi, diskretligi, geografik zonallikning davriylik qonuniyatlari, qutbiy asimmetriya) vujudga keldi. Tabiiy geografik rayonlashtirish ishlari yangi bosqichga ko’tarildi. Uning nazariy asoslari, metodlari takomillashdi. Tabiiy geografiya konstruktiv bosqichga o’tdi. Tabiiy komponentlarni amaliy maqsadlarda baholash, ularning taraqqiyot yo’nalishlarini aniklab, kelajakdagi o’zgarishlarini bashoratlash tamoyillari va metodlari ishlab chiqildi. O’zbekistonlik geograf olimlarning davrasi ancha kengaydi. Tanikli olimlar L.S.Babushkin, O.Yu.Poslavskaya, N.A.Kogay, M. Qoriev, N.D.Dolimov, H. Hasanovlar qatoriga P.Baratov, M.Mamatqulov, P.G’ulomov, A.Saidov, Yu.Sultonov, L.Alibekov, A.Abdulqosimov, A.Rafiqov, Sh. Zokirov, Sh.Ergashev, I.Hasanov, I.Abdug’aniyev, I.Nazarov kabi olimlar kelib qo’shildi. Ular O’zbekiston va uning ayrim hududlarining tabiiy va antropogen landshaftlarini tadqiq qildilar, tabiiy geografik rayonlashtirish, tabiiy geografik baholash, tabiiy geografik majmualarning rivojlanish yo’nalishlarini aniklash va bashoratlash ishlarida samarali mehnat qildilar. Nazariy asoslari. Umumiy Tabiiy geografiyaning nazariy asoslari negizida quyidagi eng muhim geografik qonuniyatlar yotadi: 1) geografik qobiqning bir butunlik qonuniyati; 2) aylanma harakatlar qonuniyati; 3) geografik qobiqning davriylik qonuniyati, ya’ni barcha tabiiy geografik hodisa va jarayonlarning ma’lum vaqt davomida takrorlanish qonuniyati; 4) geografik qobiqning hududiy tabaqalanish qonuniyati, ya’ni rivojlanish jarayonida gazlarning qobiq strukturasining maydonda o’zgarishi, katta-kichik tabiiy hududiy majmualarga bo’linishi. Bu qonuniyat tabiiy geografik rayonlashtirish uchun nazariy asosdir; 5) geografik zonallik qonuniyati — tabiatda geografik mintaqalar va tabiat zonalarining mavjudligi shaklida namoyon bo’ladi; 6) geografik zonallikning davriy qonuniyati, ya’ni bir tipdagi geografik zonaning turli geografik mintaqalarda uchrashi qonuniyati; 7) azonallik qonuniyati geografik mintaqalarning geografik uzunligi bo’yicha sektorlarga bo’linishi, landshaft zonalarining qam shu yo’nalishda tabaqalanishi va landshaftlarning balandlik mintaqalari mavjudligida o’z ifodasini topishi; 8) zonallik va azonallikning bir butunligi qonuniyati; 9) yer sharining qutbiy asimmetriya qonuniyati. Uning asosida Erning shakli, quruqlik va suvlarning, organizmlarning taqsimlanishi, iklimlar, geografik qobiq strukturasi, muzliklar maydoni va shakllari, geologik tarixiga ko’ra shim. dengizlarning Janub yarim shardagilardan farq qilishi yotadi; 10) geografik qobiqning rivojlanish qonuniyati, bu rivojlanishni harakatga keltiruvchi asosiy kuch — tabiatdagi zonal va azonal hodisalarning o’zaro kurashidan, rivojlanish shakli esa davriylikdan iborat; 11) geografik qobiqning notekis rivojlanishi qonuniyati. Turli landshaftlar turli yoshda bo’lib, turlicha tezlikda rivojlanadi. Bu qonuniyatning muhim tomoni shundaki, landshaftlar biri ikkinchisidan tarkibiga ko’ra emas, balki yoshiga va rivojlanish bosqichi xamda sur’atlariga qarab ham farq qilishini hisobga olinishi va landshaftlar o’zgartirilayotganda bu qonuniyatga amal qilinishini taqozo etadi. Umumiy Tabiiy geografiya hozirgi vaqtda geografik qobiqning bir butunligi va rivojlanishi to’g’risidagi yangi g’oyalar bilan boyidi, landshaft qobig’i, geografik fazo nazariyalari olg’a surildi, sayyoraviy miqyosdagi geografik bashoratga asos solindi, geografik sistemalar haqidagi ta’limot ishlab chiqildi. Yer yuzasining morfostrukturasi va morfoskulpturasi haqidagi yangi tasavvur vujudga keldi. Landshaftlarning yoshi va ularni tasniflashning regional muammolari tahlil qilindi, Tabiiy geografiyaning ekologiya bilan yaqinligi va uzviy bog’likligi asoslab berildi. Inson faoliyatining geografik qobikdagi tabiiy jarayonlarga, geografik muhitga bo’lgan ta’sirining salbiy va ijobiy oqibatlarini o’rganish, bu oqibatlarni oldindan aytib berish, ilmiy tadqiqotlarda geofizikaviy, geokimyoviy, matematik, ekologik metodlarni qo’llashga bo’lgan e’tibor kuchaydi, yangi ekologik yo’nalish yuzaga keldi. Hozirgi zamon Tabiiy geografiyada tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tabiatni muhofaza tsilish muammoasi asosiy va dolzarb muammo hisoblanadi. Tabiiy geografiyaning hududlarni tabiiy geografik tavsiflash metodlari ham takomillashib bordi. Bu keyingi yillarda yaratilgan ko’plab monografiyalar, darslik va o’quv qo’llanmalarida aks etgan. Hozirgi kunda Tabiiy geografiya fani hal etilishi lozim bo’lgan muammolarning ko’pchiligi, asosan, uning ob’yekti va predmetining murakkabligi, o’ziga xos xususiyatlar bilan va fanning hozirgi taraqqiyot bosqichida xalq xo’jaligi qo’yayotgan vazifalarning murakkabligi bilan bog’liqdir. Shunday muammolarning ayrimlari «inson—tabiat» sistemasidagi o’zaro ta’sir oqibatida yuzaga kelayotgan muammolardan. Sayyoraviy miqyosda ro’y berayotgan iklim o’zgarishi, regional ko’lamda Orol va Orolbo’yi muammolari, cho’llashish, tabiiy resurslarning tez sur’atlarda kamayishi, tabiiy muhitning ifloslanishi kabi muammolar shular jumlasidan. Ad. Anuchin V.A., Teoreticheskie Osnovi geografii, ML, 1972; Zokirov Sh. S., Landshaftshunoslik asoslari, T., 1994; Hasanov I. A., G’ulomov P. N., O’rta Osiyo tabiiy geografinsi, T., 2002. Kalesnik SV., Obtshie geograficheskie zakonomernosti zemli, M., 1970; Milkov F.N., Obtshee zemlevedenie, M., 1990; Shuhrat Zokirov.