TAJAN

TAJAN — Turkmanistondagi shahar (1925 yildan). Tajan vohasida, Tajan daryosi bo’yida. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 42,2 ming kishi (1990 yillar o’rtalari). Paxta tozalash zavodi, gilam tsexi, qurilish materiallari va konstruktsiyalari kombinati, sut zavodi bor. Tajan yaqinida (Janubda) Tajan suv ombori joylashgan. Tajan va Murg’ob daryolari oralig’ida yirik tabiiy gaz zaxiralari topilishi bilan Tajan gaz sanoatining muhim markazlaridan biriga aylandi.

TAJAN (Turkmaniston chegarasidan tashqaridagi qismi Herirud) — Afg’oniston, Eron va Turkmanistondagi daryo. Uzunligi 1150 kilometr. Havzasining maydoni 70600 kilometr kvadrat. Afg’oniston hududida taxminan 3000 metr balandlikdan boshlanadi. Hirot vohasigacha tog’lar orasidan tor vodiyda, ostonalar orqali oqadi. Hirot va Tajan vohasida vodiysi keng. Eng yirik irmoqlari: ishlan va Kashafrud. Tajan suvidan sug’orishda keng foydalaniladi. Daryo Hirot vohasidan chiqqach, Eron bilan Afg’oniston chegarasidan, so’ngra Turkmaniston bilan Eron chegarasidan oqadi. Tajan Tajan vohasida irrigatsiya kanallariga taralib, so’ng tugaydi. Suvi juda loyka. Daryo, asosan, qordan, qisman, yomg’irdan suv oladi. Mart — may oylarida to’lib oqadi. Qishda muzlamaydi. O’rtacha suv sarfi puli xotun yakinida (dare tugagan joydan 325 kilometr yuqorida) 30 metr kub/sekund, eng ko’p suv sarfi 990 metr kub/sekund. Daryoning Turkmaniston bilan Eron chegarasidan o’tgan qismi yoz oxirida ko’pincha qurib qoladi. Tajanga Turkmaniston hududida ikkita suv ombori — Tajan (hajmi 142 million metr kub) va Tajan2 (hajmi 180 mln. m3) qurilgan. 1960 yildan Amudaryo suvining bir qismi Qoraqum kanali orqali Tajanga quyilmoqda. Tajan bo’yida Tajan shahri bor.