TASMALI UZATMA

TASMALI UZATMA – mashina mexanizmlarida aylanma harakatni bir valdan ikkinchi valga tasma yordamida uzatuvchi mexanizm. Vallarga o’rnatilgan shkivlar va tasmalardan iborat. Tasma bilan shkiv orasida hosil bo’luvchi ishqalanish kuchi hisobiga tasma etakchi shkivdan yetaklanuvchi shkivga burovchi moment uzatadi. Tasmalarning tipiga qarab, Tasmali uzatma yassi, ponasimon, doiraviy kesimli va boshqa tasmali xillarga bo’linadi. Yassi va doiraviy Tasmali uzatmada bitta, ponasimon Tasmali uzatmada esa bir necha (odatda, kamida 6-8 ta) tasma ishlatiladi. Tasmali uzatma oddiyligi, tannarxining pastligi, harakatni ancha uzoq (15 metr va undan ortiq) masofaga uzata olishi, shovqinsiz ishlashi, mexanizmlarni ortiqcha zo’riqishdan saklashi va boshqa xususiyatlari bilan boshqa uzatmalardan farq qiladi; tasmalarning tez yeyilishi, uzilishi, o’lchami kattaligi, val va shkivlarga katta kuch tushishi, uzatish nisbatining doimiy emasligi va boshqalar uning kamchiligidir. Tasmali uzatma, 30 kVt dan bir necha yuz kVt gacha quvvat uzatishda qo’llaniladi. Tasmali uzatma avtomobillar, stanoklar, tikuv mashinalari va boshqalarda ishlatiladi.