Tasmaniya

Tasmaniya — Avstraliyaning Janubiy Sharqiy qirg’og’i yaqinidagi orol. Materikdan base bo’g’ozi orqali ajralgan. Atrofidagi orollar bilan Avstraliyaning Tasmaniya shtatini tashkil etadi. Shtat maydoni 68,4 ming km2. Aholisi 470 ming kishi (2000), asosan, ingliz-avstraliyaliklar. Ma’muriy markazi — Xobart shahri. Orol qirg’oqlari qoyali, tik. Markaziy qismi o’rmonlar, baland bo’yli o’tlar bilan qoplangan plato, eng baland joyi 1617 metr (ossa tog’i). Iqlimi shimolda subtropik, Janubda mo’tadil nam iqlim. Yiliga 600-2100 millimetr yog’in yog’adi. Daryolari sersuv va serostona. Tuproqlari qo’ng’ir o’rmon, tog’o’tloqi sariq va qizil tuproq. Evkaliptli va igna bargli o’rmonlar, o’tloq va botqoqliklar bor. Hayvonot dunyosi Avstraliya zoogeografik oblastit mansub. Tasmaniya — mamlakatning sanoati rivojlangan shtatlaridan. Energiya ko’p talab etuvchi sanoat tarmoklari yetakchi o’rinda. GES ko’p. Foydali qazilmalardan mis, temir, rux, qo’rg’oshin, qalay, oltin, mis, toshko’mir qazib olinadi. Yirik rangli metallurgiya korxonalari, tsellyulozaqog’oz, to’qimachilik va oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Yog’och tayyorlanadi. Mineral o’g’itlar ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligida chorvachilik (qo’ychilik, qoramol boqish) yetakchi o’rinda. Dehqonchilikda, asosan, yem-xashak ekinlari, donli ekinlardan bug’doy ekiladi. Sabzavotchilik, bog’dorchilik bilan shug’ullaniladi. Asosiy porti — Xobart. Orol 1642 yildagi A. Tasman ekspeditsiyasidan keyin yevropaliklarga ma’lum bo’lgan. 1788 yilda Angliya mustamlakasi deb e’lon qilingan. 1853 yilgacha Vandimen yeri, o’sha yildan Tasmaniya deb atalgan. 1815 yilda Tasmaniyaga o’zini-o’zi boshqarish huquqi berilgan. 1901 yilda Avstraliya Ittifoqi tuzilgach, Tasmaniya uning tarkibiga shtat bo’lib kirdi.