Tovushli to’siq nima?
«Tovushli to’siq» iborasi muayyan bir tezlikda uchib borayotgan tayyoraning harakati paytida vujudga keladigan vaziyatni unchalik to’g’ri izohlay olmaydi. Masalan, bu ibora kishini tayyora tovush tezligiga yetganida uning oldida bironta «to’siq» paydo bo’lar ekan-da, degan fikrga olib borishi hech gap emas, lekin aslo bunday kori-hol yuz bermaydi! Buni tushunish uchun odatdagi tezlikda uchib borayotgan tayyorani olib qaraylik. Tayyora oldinga qarab harakatlanayotgan daqiqada siqiq qamrovli to’lqinlar hosil bo’ladi. Bu to’lqinlar tayyora olg’a qarab harakatlangan paytda havo zarralarining siqilishi oqibatida tug’iladi. To’lqinlar tayyoraning oldida tovush tezligida harakatlanadi. Va bu tezlik yuqorida aytilganidek, odatdagi tezlikda uchayotgan tayyoraning tezligidan balandroq bo’ladi. Tayyoraning oldida harakatlanib, bu to’lqinlar havo oqimini tayyora sirtidan aylanib oqib o’tishini ta’minlaydi. Endi tasavvur qilaylik, tayyora tovush tezligida uchyapti. Uning oldida siqiq qamrovli to’lqinlar hosil bo’lmaydi, chunki tayyoraning ham, to’lqinlarning ham tezligi bir xil. Shu sababli to’lqinlar qanotlar oldida yuzaga keladi. Oqibat-natijada zarbali to’lqinlar paydo bo’lib, tayyora qanotlariga katta yuk tushadi. Bu hodisani, ya’ni tayyoralar tezligi tovush tezligi darajasiga yetib, undan oshganda bu zarbali to’lqinlar va qanotlarga ortiqcha yuk tushishini tayyoralar uchun qandaydir bir to’siq, ya’ni «tovushli to’siq» deb atay boshladilar. Lekin tayyorasozlik muhandislari maxsus qurilmadagi tayyorani yaratishgach, «tovushli to’siq» ham o’z-o’zidan yo’qoldi. Darvoqe, tayyora «tovushli to’siq»dan o’tayotganda biz eshitadigan kuchli «zarba» biz yuqorida aytgan zarbali to’lqin hodisasidir.