Turg‘un Po‘lat (1928-1974)
Yozuvchi Turg‘un Po‘lat 1928 yili Namanganda tug‘ilgan. Yozuvchi sifatida 50- yillarda matbuotda ko‘rina boshlagan. Dastlab «Bizning bobo» (1951), «Buyuk savdo» (1952), «Mangu qo‘ldoshimsan» (1956), «Festival qo‘shig‘i» (1959) kabi she’riy asarlar yozgan. Ayni chog‘da «Ayollar isyoni» (1967), «Jig‘ildon qori» (1970), «To‘ra hujjat» (1970) kabi hajviy hikoyalarini e’lon qilgan. 1971 yilda uning «Vodiylarni yayov kezganda» ocherklar, 1973 yilda «Mirrixdan kelgan mehmon» hajviy hikoyalar to‘plamlari, 1975 yilda esa «Ichkuyov» qissasi chop etilgan.
Turg‘un Po‘lat publitsist va ocherknavis sifatida o‘nlab asarlar yaratgan. Uning «Tabarruk zaminda» (1970), «Xotinboz» (1972), «Yalovbardor» (1986) kabi asarlari shular jumlasidan.
Yozuvchi o‘zining ocherklari, hikoya, qissalarida hayotda va odamlardagi nuqsonlar ustidan kulib, ularni bartaraf etish yo‘lini izlagan. Shu jihatdan uning ayniqsa, «Ichkuyov» qissasi e’tiborga sazovor. Turg‘un Po‘latga shu nomdagi televizion badiiy film uchun 1979 yili (vafotidan so‘ng) Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan.