Unsurlar to’g’risida

Unsurlarning qaysi biri bo’lsa ham oddiy jismlar bo’lib, odam tanasi va boshqa narsalar uchun dastlabki bo’laklardir. Oddiy jismlar shunday narsalarki, ular shakli turli bo’lgan bo’laklarga bo’linmaydi, [balki] murakkab jismlar ularga bo’linadi. Oddiy jismlarning aralashishidan koinotdagi turli shakldagi navlar paydo bo’ladi.

Tabib, unsurlarning to’rtta va to’rttadan ortiq emasligi to’g’risida tabiatshunos olimlarga ishonsin! Unsurning ikkitasi yengil va ikkitasi og’irdir. Yengillari olov va havo, og’irlari suv va yerdir.

Yer oddiy jism bo’lib, uning tabiiy o’rni hamma [jismlar]ning o’rtasidir. U, o’z tabiat bilan o’sha o’rinda turadi, agar o’z o’rnidan ajrasa, yana o’shanga tomon harakat qiladi. Bu – yerning mutlaq og’irligidir. Yerning tabiati sovuq va quruqdir.

Suvga kelsa, suv – oddiy bir jism bo’lib, tabiiy o’rni bilan, yer va havo o’z tabiiy o’rinlarida bo’lganlarida, yerni o’raydi va havoga o’ralib turadi. Shunday o’rinda bo’lishi uning nisbiy og’irligidir. Suv sovuq va ho’ldir.

Havo oddiy bir jismdir. Tabiiy o’rni – suvdan yuqori, olovdan pastdadir. Shunday bo’lishiga sabab nisbiy yengilligidir. Tabiati, yuqorida aytganimizcha, issiq va ho’ldir. Havoning koinotda mavjudligi bor narsalarning siyraklanishi, latif bo’lishi, yengil bo’lishi va ko’tarilishi uchundir. Olov oddiy bir jismdir. Tabiiy o’rni unsurlarga tegishli hamma jismlarning yuqorisidadir. Olovning o’rni osmon gumbazining shunday bir botiq sathidaki, vujudga kelish va buzilishi o’sha yerga borib tugaydi. Olovning shunday o’rinda bo’lishi uning mutlaq yengilligidir. Uning tabiati issiq va quruqdir. Ikki og’ir unsur [yer va suv] a’zolarning paydo bo’lishiga vat inch turishiga yordam beradilar. Ikki yengil unsur [havo va olov], garchi a’zolarni dastlab harakat qildiruvchi nafsning o’zi bo’lsa ham, ruhlarning paydo bo’lishiga va harakatlanishiga yordam beradilar. Ana shular unsurlardir.